Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlarini tabrikladi

Mirziyoyev: kelgusi yili Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etamiz.
Sputnik
TOShKENT, 8 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni munosabati bilan bayram tabrigi yo‘lladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Aytilishicha, O‘zbekistonda dala ishlari, joriy mavsum yakuniga yetib bormoqda. O‘zbekiston yetakchisi soha xodimlari va ko‘pmillatli xalqni Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
“Fidokorona mehnati bilan tuproqdan noz-ne’mat undirib, xalqimiz dasturxonini to‘kin qilib kelayotgan sizdek mirishkor dehqon va fermerlar, mohir bog‘bon va chorvadorlarga, omilkor agronom va mexanizatorlar, klasterlarning tajribali rahbarlari va xodimlari, sohaning hurmatli faxriylariga o‘zimning chuqur hurmat-ehtirom va ezgu tilaklarimni bildiraman”, — deyiladi bayram tabrigida.
Qayd etilishicha, shu yilning o‘zida 9 million tonna don, 3 million tonnadan ortiq paxta, 16 million tonnadan ziyod sabzavot va poliz, 5 million tonna meva va uzum, 4 million tonna kartoshka, 15 million tonnadan ko‘p go‘sht va sut, 30 ming tonna pilla yetishtirildi.
Bu yil 100 ming gektar maydonda kasallik va zararkunandalarga chidamli serhosil g‘o‘za navlari ekilib, ulardan mo‘l hosil yetishtirilgan.
G‘allachilikda resurs tejaydigan zamonaviy agrotexnologiyalarni qo‘llash natijasida o‘rtacha hosildorlik birinchi marta 85 sentnerga yetkazildi. Olti mingdan ortiq tajribali fermerlar bu borada 90-100 sentnerlik marrani zabt etgan.
Resurslarni tejaydigan intensiv texnologiyalar asosida 50 ming gektar maydonda sabzavot yetishtirilib, hosildorlik an’anaviy usulga nisbatan 200-250 sentnerga oshgan, sof daromad gektaridan 6-8 ming dollarni tashkil etgan.
“Yil davomida qishloq xo‘jaligi subyektlariga 18 trillion so‘m imtiyozli kredit va 176 milliard so‘m subsidiya ajratilgani, umumiy qiymati 3,6 trillion so‘mlik 11 ming 600 dona yuqori unumli zamonaviy texnika va agregatlar yetkazib berilgani ham mavsumni samarali yakunlashda muhim omil bo‘ldi”, — deyilgan xabarda.
Mamlakatda qishloq xo‘jaligini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish, ularning salbiy ta’sirini yumshatish maqsadida ilk bor Milliy dastur qabul qilindi. Uning ijrosini ta’minlash hamda mahsulot yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun xorijiy moliya tashkilotlaridan 160 million dollardan ortiq mablag‘lar jalb etilmoqda.
Bu yil qishloq joylarda oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni saqlash va sotish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha 343 ta yangi loyiha ishga tushirilgan.
Shuningdek, dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun 75 ming gektar yer maydonlari 180 ming nafardan ortiq ijtimoiy muhtoj aholi hamda yoshlarga bo‘lib berilgan va 200 mingdan ziyod ish o‘rni yaratilgan.
Tomorqachilikda daromadni oshirish maqsadida 5145 ta mahalla “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ixtisoslashtirildi.
Chorva naslini yaxshilash va mahsulot hajmini ko‘paytirish uchun aholiga 40 ming bosh qoramol, 82 mingta qo‘y va echki yetkazib berildi, chetdan 260 ming bosh zotdor mollar olib kelindi.
“Agrar sohani ilm-fan asosida rivojlantirishni tizimli yo‘lga qo‘yish, uning barcha tarmoqlaridagi innovatsion faoliyatni integratsiyalash maqsadida kelgusi yili O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasini tashkil etamiz”, — deyilgan bayram tabrigida.
Aytilishicha, o‘tgan yillardagi ijobiy tajriba davom ettirilib, yana 100 ming gektar yer dehqon xo‘jaliklarini tashkil etish uchun aholiga bo‘lib beriladi. Paxtachilikda 40 foiz maydonda Xitoyda o‘zini oqlagan ilg‘or tajriba joriy etiladi.