TOShKENT, 7 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi.
"Ko‘pmillatli butun xalqimizni 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Konstitutsiyamiz mustaqilligimizni mustahkamlash, tinchlik va barqarorlik, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni saqlash, islohotlarimizning ortga qaytmas tus olishini ta’minlashda doimo ishonchli kafolat bo‘lib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.
Bu noyob qomusning har bir moddasi va qoidasini o‘rganish, ularga hurmat, mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lib, to‘laqonli ijro etish barchamiz uchun muqaddas burch va mezonga aylanishini istardim.
Siz, aziz yurtdoshlarimni Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin dildan qutlab, barchangizga sihat-salomatlik, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.
Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori bo‘lgan xalqimiz omon bo‘lsin!", - deyiladi prezident tabrik so‘zida.
Barcha yutuq va g‘alabalarimizning ijodkori bo‘lgan xalqimiz omon bo‘lsin!", - deyiladi prezident tabrik so‘zida.