Mirziyoyev Konstitutsiya kuni arafasida 483 nafar shaxsni afv etdi

Afv etilganlarning 274 nafarini yoshlar tashkil etadi.
Sputnik
TOShKENT, 7 dek — Sputnik. O‘zbekistonda Konstitutsiya qabul qilinganligining 32-yilligi munosabati bilan 483 nafar shaxs afv etildi. “Jazo muddatini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, jami 483 nafar shaxs afv etildi, jumladan:
107 nafari jazodan to‘liq ozod qilindi;
275 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi;
7 nafariga tayinlangan jazo yengilroq jazo bilan almashtirildi.
Shuningdek, 94 nafar shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 25 nafarini chet el fuqarolari, 32 nafarini ayol, 5 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 274 nafarini yoshlar (shulardan, 104 nafari voyaga yetmaganlar) hamda 6 nafarini taqiqlangan tashkilotlar faoliyatida qatnashgan shaxslar tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag‘riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug‘ullanishlari, sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yib, jamiyatda munosib o‘rin topishlari uchun ularga ko‘mak berish yuzasidan mas’ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini Konstitutsiya kuni bilan tabrikladi