TOShKENT, 5 dek — Sputnik. Xalqaro atom energiyasi agentligi (XAEA) O‘zbekiston hukumatiga Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi ishtirokida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish loyihasini amalga oshirishda yordam beradi. Bu haqda agentlik rahbari Rafael Grossi Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan konferensiyada ma’lum qildi.
Samarqandda Islom hamkorlik tashkilotiga (IHT) a’zo davlatlarda atom energiyasidan foydalanish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Tadbirning ochilish marosimida prezidentning anjuman ishtirokchilariga murojaati o‘qib eshittirildi.
"Konferensiya kun tartibiga sohadagi faoliyatni MAGATE bilan muvofiqlashtirgan holda AESlar barpo etish, ularning xavfsizligini ta’minlash, yadro texnologiyalarini rivojlantirishning ekologik jihatlari kabi o‘ta dolzarb masalalar kiritilgan. Shuningdek, innovatsiyalar, yadroviy tibbiyot, sohada ta’limni rivojlantirish va malakali kadrlar tayyorlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratiladi, deb ishonaman. Aminmanki, anjuman davomida muhokama qilinadigan barcha g‘oya va tashabbuslar ushbu muhim tarmoqda o‘zaro muloqotni va xalqaro hamkorlikni kengaytirish, energetik xavfsizlikni mustahkamlash, davlatlarning barqaror taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zbekiston barcha xorijiy hamkorlar bilan ushbu ustuvor yo‘nalishda yaqin hamkorlik qilishga doim tayyordir", — dedi O‘zbekiston yetakchisi.
XAEA rahbari agentlik O‘zbekiston hukumatiga texnologik yordam ko‘rsatishini, jumladan, qonunchilikni o‘zgartirish va mamlakat yadroviy dasturining uzluksizligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan zarur kadrlar salohiyatini yaratishni ta’kidladi.
“O‘zbekiston kichik modulli reaktorlar yaratish va, ehtimol, kelajakda undan ham ko‘proq narsani o‘z ichiga olgan aniq loyiha bo‘yicha oldinga siljishga qaror qildi. Bu esa kecha prezidentga (O‘zbekiston – tahr.) aytganimdek, XAEA har qadamda hozir bo‘ladigan tashabbus”, — dedi Grossi.
"O‘zatom" XAEA bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etish haqida kelishuv imzoladi.
May oyida Toshkentda atom energetikasi tarixida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha birinchi eksport shartnomasi imzolangan edi. Loyiha O‘zbekistonning Jizzax viloyatida Rossiya loyihasi bo‘yicha quvvati 330 MVt bo‘lgan atom elektr stansiyasi – har biri 55 MVt quvvatga ega oltita RITM-200N reaktorini qurishni nazarda tutadi.
Sentabr boshida “O‘zatom” va “Atomstroeksport” (“Rosatom”ning muhandislik bo‘limi) o‘rtasida bo‘lajak stansiya qurilish maydonchasida ishlarni boshlash to‘g‘risida protokol imzolangan edi. 2026-yil boshida “O‘zatom” stansiya qurish uchun ruxsat olishni rejalashtirmoqda.