Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali suhbatlashdi

O‘zbekiston va Turkmaniston yetakchilari telefon orqali muloqot qilishdi.
Sputnik
TOShKENT, 5 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali suhbatlashdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Muloqotda O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ilgari erishilgan kelishuvlar ijrosining borishi va bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlarga tayyorgarlik masalalari tomonlarning e’tibor markazida bo‘ldi.
“Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard dollardan oshdi. Yuk tashishlar, shu jumladan Turkmanboshi porti orqali ko‘paymoqda. "Shovot - Toshovuz" chegaraoldi zonasi qurilishi davom etmoqda. Sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va boshqa yo‘nalishlarda kooperatsiya kengaymoqda”, — deyiladi xabarda.
Energetika va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.
Suhbat chog‘ida davlat rahbari Turkmaniston yetakchisini yaqinlashib kelayotgan bayram - Betaraflik kuni bilan samimiy tabriklab, birodar turkman xalqiga farovonlik va ravnaq tiladi.