TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Keyingi yildan Qashqadaryo kartoshka, meva, parranda go‘shti va tuxum bo‘yicha o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlashga o‘tadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyatida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, investitsiyalarni ko‘paytirish, kambag‘allikni qisqartirish masalalari ko‘rib chiqildi.
“Keyingi yildan Qashqadaryo kartoshka, meva, parranda go‘shti va tuxum bo‘yicha o‘zini o‘zi to‘liq ta’minlashga o‘tadi. Bu borada xorijiy investorlar ishtirokida 16 ta yirik loyiha shakllantirilgan. Misol uchun, G‘uzor, Qamashi, Shahrisabz tumanlarida 300 gektarda zamonaviy bog‘ barpo etiladi”, — deyiladi xabarda.
Unda yiliga qo‘shimcha 4 ming tonna meva yetishtirilib, 600 ta ish o‘rni yaratiladi.
Viloyatda quyidagilar amalga oshiriladi:
Ko‘kdala, Chiroqchi, Shahrisabz, Koson va Nishon tumanlari hududida qovun va organik sabzavotlar yetishtirish kengaytiriladi.
Tarvuz konsentranti tayyorlash, shok usulida muzlatish va sublimatsion quritish yo‘lga qo‘yiladi.
Mintaqa va Yevropa davlatlaridan 62 ming bosh qo‘y, qariyb 10 ming bosh qoramol olib kelinib, aholi va chorvachilik xo‘jaliklari bilan kooperatsiya asosida boqiladi.
Qarshi va Qamashida 1 ming boshli chorvachilik klasteri, 1 million boshli parrandachilik fabrikasi tashkil etiladi.
Paxtachilikda tayyor mahsulotlar ulushini ko‘paytirish maqsadida 233 million dollarlik 5 ta to‘qimachilik korxonasi ishga tushiriladi. Natijada mato ishlab chiqarish quvvati 51 foizga ko‘tariladi.
“Shahrisabzdagi Miraki va Qamashidagi Maydanak qishloqlari, Mirishkor tumanidagi “Achinko‘l” va “Sechanko‘l” atrofida turizm jadal rivojlanmoqda. Shu kabi maskanlarga 300 million dollar investitsiya kiritib, 200 dan ziyod mehmon uylari va mingta savdo shoxobchasi tashkil etish rejalashtirilgan. Ularda 5 ming kishi ishli bo‘ladi”, — deya ma’lum qilingan xabarda.
Tadbirkorlar viloyatdagi 147 ta noruda qazilma konlari negizida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni taklif qilayapti. Bunga 209 million dollar investitsiya kiritiladi, konlar bosqichma-bosqich auksionga chiqariladi.
Prezident farmoniga muvofiq, shu yil 1-noyabrdan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi boshlandi. Qashqadaryodagi 6 ta yirik korxona bu xayrli ishga hissa qo‘shib, keyingi yil 10 mingdan ziyod fuqaroni kambag‘allikdan chiqarish tashabbusini bildirgan.
Bundan tashqari, banklar ishtirokida 86 ta drayver loyihani va 33 mingta mikroloyihani ishga tushirib, yana 70 ming insonni daromadli qilish ko‘zda tutilgan. Bular orqali viloyatda kambag‘allik darajasi hozirgi 8,6 foizdan 6,5 foizga pasayadi.
“Yig‘ilishda Qashqadaryo viloyati hokimi shu kabi rejalarni taqdimot qildi. Jumladan, kelgusi yilda 3 milliard 500 million dollar investitsiya jalb qilish, eksportni 1 milliard dollarga yetkazish, 300 ming ish o‘rni yaratish mo‘ljallangan”, — deya qayd etilgan xabarda.
Tashabbuskorlar bilan ishlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohasida yana 300 million dollarlik loyihalarni ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ma’lumot uchun, yil boshidan buyon viloyatda 2 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilgan. 565 ming nafar aholining bandligi ta’minlanib, 90 ming odam kambag‘allikdan chiqarilgan. Yil yakunigacha yalpi hududiy mahsulot 6 foizdan ziyod o‘sishi, eksport 555 million dollarga yetishi kutilmoqda.