O‘zbekistondagi laboratoriya Rossiyaning taqqoslash sinovlarida muvaffaqiyatli ishtirok etdi

Sinovlarda erishgan yutuq dori vositalari sifati va xavfsizligini ta’minlash sohasidagi milliy tajribani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Sputnik
TOShKENT, 4 dek — Sputnik. Rossiyada laboratoriyalararo taqqoslash sinovlarida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi laboratoriyasining sinov natijalari e’tirof etildi, deya xabar berdi markaz matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, Butunrossiya metrologiya ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan laboratoriyalararo taqqoslash sinovlari tashkil etildi. Unda Dori vositalari sifatini nazorat qilish va standartlashtirish laboratoriyasi ishtirok etdi.
Sinovlar tashkilotchisi xalqaro standart ISO/IEC 17043 bo‘yicha akkreditatsiyalangan bo‘lib, bu sinovlarning yuqori sifatini va obyektivligini kafolatlaydi.
“Taqqoslash sinovlarida laboratoriya yuqori samarali suyuqlik xromatografiyasi (YuSSX) usuli orqali qoniqarli natijalarni namoyish qildi. Bu laboratoriya tomonidan taqdim etiladigan natijalarning O‘zDSt ISO/IEC 17025:2019 standarti talablariga mosligini va ishonchliligini tasdiqlaydi”, — deya tushintirilgan xabarda.
Aytilishicha, markaz mutaxassislarining ushbu nufuzli sinovlarda erishgan yutug‘i O‘zbekistonda dori vositalari sifati va xavfsizligini ta’minlash sohasidagi milliy tajribani yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.