TOShKENT, 3 dek — Sputnik. Toshkentda joylashgan Alisher Navoiy nomidagi Katta teatr sahnasida Igor Moiseyev nomidagi Davlat akademik xalq raqs ansambli o‘z chiqishlarini namoyish etdi.
Teatr sahnasida namoyish etilgan “Dunyo xalqlari raqslari” nomli dastur tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
San’atkorlar rus raqsi "Yoz", moldavan, yunon, meksika raqslari, Sitsiliya tarantellasi, venger "Pontozoo" va boshqa ko‘plab raqslarni ijro etishdi. Albatta, shou dasturidan "Olma" va "Kemadagi bir kun" ijrosi ham o‘rin oldi.
Toshkentlik tomoshabinlarga, ayniqsa, 1937-yilda xoreograf Igor Moiseyev qo‘ygan “Lagan bilan o‘zbek raqsi” hamda “Paxta raqsi” nomeri yoqdi.
Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan artistlar Aleksandr Tixonov, Yuliya Stebletsova va Denis Popov jurnalistlarning savollariga javob berar ekan, O‘zbekistonning “Bahor” ansamblini qo‘shma ijodiy kecha o‘tkazish, o‘zaro tajriba almashish va birgalikda chiqish qilishni taklif qilishdi.
Ma’lumot uchun, ijodiy ansambl 1937-yilda taniqli xoreograf Igor Moiseyev tomonidan yaratilgan. Jamoa dunyoning 70 taga yaqin davlatida o‘z ijodini namoyish etishga ulgurgan. Ijod namunalarini yaratishda jamoada nafaqat xoreograflar, balki musiqachilar, musiqashunoslar, folklorshunoslar, san’atshunoslar va tarixchilar birgalikda ishlaydi.