TOShKENT, 2 dek — Sputnik. O‘zbekistonga Rossiyadan 9,8 mlrd dollarga teng pul o‘tkazmalari kelib tushdi, deya xabar berdi Markaziy bank.
Shu yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari 12,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ko‘p.
“Mablag‘larning 78 foizi Rossiyadan (9,8 mlrd doll) kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mazkur davriga nisbatan 35 foizga oshgan”, — deyiladi xabarda.
Mazkur transfertlarning qolgan qismi Qozog‘iston (699 mln dollar), AQSh (470 mln dollar), Janubiy Koreya (458 mln dollar), Turkiya (331 mln dollar), Buyuk Britaniya (109 mln dollar) va boshqa mamlakatlardan o‘tkazilgan.
Qayd etilishicha, 2024-yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmida kuzatilgan o‘sish trendi asosan mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi asosiy hamkor mamlakatlarda iqtisodiy faollik va ish haqi miqdorining oshishi hamda rivojlangan mamlakatlarga mehnat migratsiyasi oqimi ko‘lamining ko‘payishi bilan izohlanadi.
“Misol uchun, internet platformalaridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada mehnat muhojirlari faoliyat yuritadigan asosiy sohalarda taklif qilinayotgan ish haqi miqdori o‘rtacha 38 foizga oshgan. Jumladan, ish haqi miqdori qurilish sohasida 55 foiz, yetkazib berishda 48 foiz, taksi va restoran xizmatlarida 46 foiz hamda yuk tashish sohasida 14 foizgacha ko‘paygan”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston migratsiya agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil boshidan ishlash istagida bo‘lgan 113 ming nafardan ziyod fuqarolar, asosan, rivojlangan mamlakatlarga rasmiy, xavfsiz hamda uyushgan holda ishga yuborilgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 barobarga oshgan.