TOShKENT, 30 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida futbol sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziyaning mashhur "Selangor" futbol klubi prezidenti, Selangor shtati valiahd shahzodasi Amir Shah bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Xorij tomoniga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda futbol sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, prezidentning "Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorining mazmun-mohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uzbekistan i Malayziya obsujdayut perspektivi sotrudnichestva v sfere futbola
© IA "Dunyo"
"Selangor" futbol klubi va O‘zbekiston futbol klublari bilan aloqalarni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi. Malayziya futbol jamoalarining O‘zbekistondagi bolalar-o‘smirlar va havaskor klublar o‘rtasidagi turnirlarida ishtirok etishi, o‘rtoqlik o‘yinlarini o‘tkazish uchun tashriflarni tashkil qilish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonda futbolni rivojlantirish uchun Malayziyadan investitsiya, grantlarni jalb etish, murabbiy va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalariga urg‘u berildi.
Selangor shtati valiahd shahzodasi Amir Shah O‘zbekistonda futbol sohasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. U rahbarlik qilayotgan klubda o‘zbekistonlik futbolchi, O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Umar Eshmurodov o‘ynayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
Malayziya tomoni O‘zbekiston bilan futbol sohasidagi hamkorlik aloqalarni yanada mustahkamlashga tayyorligini bildirdi.
Ma’lumot uchun, 1936-yilda tashkil etilgan "Selangor" futbol klubi Selangor shtatining ma’muriy markazi Shah-Alam shahrida joylashgan. Klub 33-marta Malayziya kubogini, 7-marta Malayziya superligasi va 7-marta Malayziya futbol assotsiatsiyasi kubogini qo‘lga kiritgan.