TOShKENT, 28 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi ziyorat turizmi yo‘nalishidagi hamkorlik yanada faollashadi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya turizm, san’at va madaniyat vazirligi huzuridagi Islom turizm markazi bosh direktori Nizran Nurdin bilan uchrashdi.
Quyidagilar bo‘yicha fikr almashildi:
Kuala-Lumpurda O‘zbekiston turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish;
O‘zbekiston turizm sohasi vakillari uchun Malayziyaning ziyorat turizmi bo‘yicha ilg‘or tajribasini o‘rganish;
Sayyohlik xizmatlarini musulmon sayyohlarning ehtiyojlariga mosligini tasdiqlovchi "Muslim-Friendly Tourism and Hospitality Assurance and Recognition" sertifikatsiyalash tizimiga oid o‘quv dasturlarini tashkil etish.
Qayd etilishicha, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, jumladan "ziyorat turizmi", "Umra+", "madaniy turizm", "gastroturizm", "qishki turizm" kabi turpaketlar malayziyaliklar orasida keng targ‘ibot qilinmoqda.
“Tomonlar Malayziyaning ziyorat turizmi sohasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish, ikki mamlakat turizm sohasi vakillari ishtirokida qo‘shma o‘quv seminarlarni tashkil etishga kelishib olishdi”, — deyiladi xabarda.
Malayziya halol turizm standartlari bo‘yicha dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Hukumat turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan xizmatlarni halol sertifikatlash bo‘yicha tartibni joriy qilgan.