TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Noyabr-dekabr oylarida O‘zbekistonga 8,6 mlrd dollar investitsiya kelishi kutilmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida o‘tgan xorijiy investitsiyalarni jalb qilish holati va kelgusi yilgi rejalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Kriticheski proanalizirovani rezultati v sfere investitsiy
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
O‘tgan 10 oyda mamlakatga 26 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘p. Shundan qariyb 24 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalardir.
Kiritilgan investitsiyalar hisobiga 6 ming 300 ta korxona ishga tushgan, ular 30 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratgan, eksport 305 million dollarga oshgan. Eng muhimi, bularning natijasida 163 mingta yuqori daromadli ish o‘rni ochilgan.
“Noyabr-dekabr oylarida yana 8,6 milliard dollar investitsiya kelishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, 8 ta tuman va shaharda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan. Ayrim tarmoqlarda o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalar sust bormoqda. Xususan, 17 ta loyihada loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender jarayonlari kechikkan.
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, bu boradagi yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi.
Investitsiyalarning nafaqat hajmini, balki sifatini ham oshirish zarurligi aytildi. Ya’ni, jalb qilingan har bir dollar sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlardan mablag‘ jalb etish hajmlari va yo‘nalishlarini yana bir bor ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi.