TOShKENT, 28 noya — Sputnik. Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi, deya xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining Telegram-kanalida.
Qayd etilishicha, prezident farmoni bilan Erkinjon Turdimov boshqa ishga o‘tgan. Uning o‘rniga Hisob palatasi raisi lavozimida ishlab kelgan Adiz Boboyev hokim vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi.
“O‘zbekiston prezidentining tegishli farmonlari bilan Erkinjon Oqbutayevich Turdimov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Samarqand viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. Hisob palatasi raisi lavozimida ishlab kelgan Adiz Muzafarovich Boboyev Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi”, — deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Turdimov 1969-yil, Samarqand viloyatida tug‘ilgan. Mutaxassisligi: iqtisodchi. 2016-yilda “Mehnat shuhrati” ordeni, 2024-yilda esa, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan. Oliy Majlis Senatida Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi hisoblanadi. 2018-yildan beri Samarqand viloyati hokimi lavozimida ishlab kelgan.
Boboyev shu yilning yanvar oyida Hisob palatasi raisi lavozimiga tayinlangan edi. U 1972-yil Buxoro viloyatida tug‘ilgan. 1993-yil Toshkent xalq xo‘jaligi institutini “Iqtisodiy va ijtimoiy rejalashtirish” mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.