Endi faol nuroniylar kambag‘al oilalarga biriktiriladi — yangi qaror

Nuroniylar har oy rag‘batlantirib boriladi.
Sputnik
TOShKENT, 27 noya — Sputnik. O‘zbekistonda faol nuroniylar har oy rag‘batlantiriladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishga faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorda nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, mahallalarda katta hayotiy tajribaga ega bo‘lgan obro‘-e’tiborli 3 nafar faol nuroniy beshta kambag‘al oilaga biriktiriladi.
Nuroniylar quyidagilarni amalga oshiradi:
xonadon tomorqasidan samarali foydalanish va kichik ishlab chiqarish uskunalari va boshqa zarur texnika vositalarini bo‘lib to‘lash sharti bilan ijaraga olishga yordamlashish;
oila farzandlarini hunarmand va ustalarga shogirdlikka biriktirish shuningdek, ushbu oilalarning ta’lim muassasalarida o‘qiyotgan farzandlarini o‘quv jihozlari va qurollari hamda sport kiyimlari bilan ta’minlash;
piyoda yurish madaniyatini targ‘ib qilish;
xonadonlarning sanitariya holatini yaxshilashga va tozalikni saqlashga, oila a’zolarini zararli odatlardan voz kechishga chaqirish;
keksa yoshdagi fuqarolar uchun mos keladigan sport tadbirlarini tashkil etish, ularni jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishga jalb etish;
Oilalarda ahillik va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini rivojlantirishga.
Nuroniyalarga oilalar 6 oy muddatga biriktiriladi.
“Faol nuroniylar har oyda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 50 foizi miqdorida rag‘batlantirib boriladi”, — deyiladi hujjat matnida.
Keksa yoshdagi fuqarolarni sportga jalb qilish uchun har bir mahallaga yiliga 10 million so‘m miqdorida mablag‘ ajratiladi.