TOShKENT, 26 noya — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston aholisi yiliga qariyb 1 million nafarga o‘sib bormoqda. Yer va suv manbalari esa cheklangan. Shu bois ichki bozor barqarorligini omilkorlik va hosildorlik orqali ta’minlash mumkinligi aytildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Taqdimotda qishloq xo‘jaligi vaziri shu boradagi rejalar haqida gapirib o‘tdi.
Kelgusi yil 4 million 800 ming gektarda ekinlar yetishtirish mo‘ljallangan. Shundan 2 million gektardan ziyod yerda meva-sabzavot, kartoshka, dukkakli va poliz mahsulotlari ekiladi. Ularning dalalarda joylashtirilishi va hosilning zaxiraga jamlanishi monitoring qilib boriladi.
Aholiga birlamchi zarur bo‘lgan 10 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlarining tizimli hisob-kitobi yuritiladi. Bunda har bir tuman kesimida qanday mahsulot yetishtirilishi va ichki bozor uchun qancha zaxira qilinishi mujassam bo‘ladi.
Sayxunobod tajribasi asosida tomorqalarda mahsulot yetishtirish qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ta’kidlanishicha, tumanlarning o‘zi qishloq xo‘jaligiga grant va texnik ko‘maklar jalb etishi, ilg‘or texnologiyalarni qo‘llashi talab etiladi.
Davlat rahbari xorijiy tajribani o‘rganib, kartoshkachilik tizimini takomillashtirish va hosildorligini oshirish zarurligini aytdi.
“O‘tgan yilgi qishda 9 ming gektar bog‘ va 4 ming gektar uzumzorni sovuq urgan edi. Oqibatda 207 ming tonna hosil nobud bo‘ldi. Prezidentimiz bunday ob-havo sharoitlarida dehqonlar zararining oldini olish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq, xorijiy mutaxassislar bilan birga “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Uning qabul qilinishi dehqon va fermerlarning iqtisodiy himoyasini ta’minlaydi”, — deyilgan xabarda.
Paxtachilikda xorijiy navlarni ekishning natijadorligi tahlil qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, paxta va g‘alla hosildorligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Davlat rahbari bu borada klaster, fermer va sanoat korxonalari fikrini o‘rganib, masalaga ilmiy yondashish, fermerlarni zamonaviy agrotexnologiyalarga o‘qitish muhimligini ta’kidladi.
Zamonaviy paxta terish mashinasi va aholi tomorqalari uchun kichik agrotexnikalar ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida barpo etilayotgan daraxtzorlar trofi hamda dala chetlarida odamlarga manfaat keltiradigan ekinlar yetishtirish mumkinligi aytildi.