Xitoy banki Toshkentda vakolatxona ochdi

Toshkentdagi mintaqaviy ofis bankning O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyadagi faoliyatini yuritadi.
Sputnik
TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Xitoyning Eksport-import banki (Eksim bank) Toshkentda mintaqaviy vakolatxonasini ochdi, deya xabar berdi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.
Toshkentda Xitoy Eksport-import banki vakolatxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
“Toshkentda Xitoy Eksim bankining vakolatxonasining ochilishi strategik sheriklikni yanada rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lib, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarni birgalikda amalga oshirish imkonini berishi va O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy hamkorligi salohiyatini to‘liq ochishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.
Toshkentdagi mintaqaviy ofis bankning 8 ta davlat, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Armaniston va Gruziyadagi faoliyatini yuritadi.
Qayd etilishicha, Eksim bankning doimiy yordami tufayli mamlakatda kimyo sanoati, energetika, transport, axborot texnologiyalari, qishloq va suv xo‘jaligi kabi muhim tarmoqlarda umumiy qiymati 3 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 50dan ko‘proq loyiha amalga oshirildi.
Ma’lumot uchun, Xitoy Eksim banki (China Exim Bank / The Export-Import Bank of China) 1994-yilda tashkil etilgan. Bankning Xitoyda 32 ta filiali va Gonkongda vakolatxonasi bor. Bundan tashqari, bankning Parijda vakolatxonalari va Janubiy, Sharqiy, Shimoliy va G‘arbiy Afrika, Janubiy Amerika hamda Rossiyada vakolatxonalari mavjud.