TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Qohira universiteti kutubxonasida o‘zbek tili va adabiyoti burchagi tashkil etiladi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi rahbariyati Qohira universitetining yangi tayinlangan rektori professor Muhammad Somiy Abdulsodiq bilan uchrashdi.
Muloqotda Qohira universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida yaqindan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish hamda o‘zbek tilini o‘rganayotgan misrlik talabalarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratildi.
“Misr tomoni Qohira universiteti kutubxonasida o‘zbek tili va adabiyoti burchagini tashkil etish taklifini qo‘llab quvvatladi”, — deyiladi xabarda.
Quyidagi masalalar muhokama etildi:
o‘zbek va arab tili o‘qituvchilari hamda o‘zaro talabalar almashish
O‘zbekistonda Qohira universiteti filialini tashkil etish
hamkorlikda darsliklar tayyorlash.
Rektor Muhammad Somiy Abdulsodiq Qohira universitetida 2025-yil fevral oyida bo‘lib o‘tadigan Adabiyot va madaniyat yarmarkasida ishtirok etish uchun O‘zbekiston vakillarini taklif etdi.
Qohira universiteti 1908-yilda tashkil etilgan. Bu Al-Azhar universitetidan keyin Yaqin Sharqdagi ikkinchi yirik universitetdir. Universitetda 20 taga yaqin fakultet, bir qator ilmiy markazlar ham mavjud.