TOShKENT, 25 noya — Sputnik. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) maymun chechagiga qarshi ikkinchi vaksinani tasdiqladi. Uni bolalarda ham qo‘llash mumkin, deb yozmoqda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Tashkilot maymun chechagi (mpox) virusiga qarshi yaratilgan ikkinchi vaksinani tasdiqladi. Yaponiyaning “KM Biologics” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu emlash vositasi “LC16m8” deb nomlanadi.
Qayd etilishicha, shu yil sentabr oyida foydalanish uchun ruxsat etilgan Daniyaning “Bavarian Nordic A/S” kompaniyasiga tegishli “MVA-BN” nomli ilk emlash preparati 18 yoshdan oshganlarda qo‘llashga mo‘ljallangan edi.
“Ishlab chiqarilgan yangi vaksinani esa nafaqat kattalar, balki bir yoshdan oshgan bolalar ham favqulodda holatlarda qabul qilishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
JSST bayonotida aytilishicha, Yaponiya hukumati maymun chechagi epidemiyasi avj olgan Kongo Demokratik Respublikasiga ushbu vaksinadan 3 million dozasini beg‘araz yordam sifatida yetkazib berishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, sentabr oyida dunyo bo‘yicha mpox infeksiyasiga chalinish holatlari rekord darajaga yetib, 2763 ta yangi kasallanish holati ro‘yxatga olingan edi. Aniqlangan bemorlarning asosiy qismi Afrika mintaqasi aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi.