TOShKENT, 24 noya — Sputnik. Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tgan MDH Parlamentlararo Assambleyasining 57-sessiyasida ishtirok etdi, deya xabar berdi O‘zbekiston yuqori palatasi matbuot xizmati.
Aytilishicha, Narbayeva o‘z nutqida O‘zbekiston tomonidan ishlab chiqilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Majlis davomida parlament a’zolari saylov jarayonlarini xalqaro kuzatish institutining demokratiyani rivojlantirishdagi roli masalasini ko‘rib chiqishdi. Bugun MDH Parlamentlararo Assambleyasi demokratik tamoyillarni ilgari surish, parlamentarizm va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashda muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Parlamentskaya delegatsiya Uzbekistana prinyala uchastie v 57-y sessii Mejparlamentskoy Assamblei SNG
© Senat Oliy Majlisa
Hozirgi vaqtga qadar Assambleyaning kuzatuv missiyalari yuzdan ortiq saylov kampaniyalarini monitoring qilishda qatnashdi. Ularning tarkibida O‘zbekiston parlamenti a’zolari ham faol ishtirok etmoqda.
Ishtirokchilar O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Saylov organlari rahbarlarining maslahat kengashi faoliyatiga alohida urg‘u berdi.
Majlisda O‘zbekiston parlament delegatsiyasi a’zolari ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga ko‘maklashadigan, qonun ijodkorligi tashabbuslarini aks ettiradigan va O‘zbekiston manfaatlariga xizmat qiladigan model qonunlar hamda tavsiyalarni qo‘llab-quvvatladi.
Hamdo‘stlik mamlakatlari parlament a’zolari 20 tadan ortiq hujjatlarni qabul qilishdi. MDH Parlamentlararo Assambleyasining 57-yalpi majlisida ekologiya, ta’lim va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish sohalariga oid yangi qonunlar qabul qilinib, namunaviy qonunlar va hujjatlarning umumiy sonini 700 tadan ortiqqa yetkazdi. Qabul qilingan hujjatlar milliy qonunchilikka tatbiq etish uchun ishtirokchi davlatlar parlamentlariga yuboriladi.