TOShKENT, 23 noya — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) Hay’ati raisi Bakitjan Sagintayev Qozog‘iston Milliy banki raisi Timur Suleymenov bilan ishchi uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar chog‘ida tomonlar Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga (YeOII) a’zo davlatlarning moliya sohasidagi qonunchiligini uyg‘unlashtirish va YeOII umumiy moliya bozorini shakllantirish istiqbollari masalasini ko‘rib chiqdilar.
YeIK Hay’ati Raisi umumiy bozorning maqsadlari YeOII mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro savdoni rivojlantirish, transchegaraviy operatsiyalarni amalga oshirish tartibini soddalashtirish va o‘zaro investitsiyalarning o‘sishiga ko‘maklashish ekanligini ta’kidladi.
“YeOII umumiy moliya bozorini yaratish kapitalning samarali taqsimlanishini ta’minlash, moliyaviy xizmatlar bozorida raqobatni kuchaytirish, o‘zaro kirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish, biznes va aholi uchun moliyaviy mahsulotlardan keng foydalanishga qulay shart-sharoitlar yaratish, investorlar va moliyaviy xizmatlar iste’molchilari himoyasini ta’minlashga chaqiradi”, — dedi Bakitjan Sagintayev.
Bu vazifani amalga oshirish uchun Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi a’zo davlatlar bilan birgalikda tizimli ishlarni amalga oshirib, bir qator xalqaro shartnomalarni tayyorlamoqda.
Muzokaralar natijasida Bakitjan Sagintayev va Timur Suleymenov aloqalarni davom ettirish va tashkilotlar o‘rtasida amaliy hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.