TOShKENT, 21 noya — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
“Kelgusi yilda Samarqand viloyatida hududiy dasturlar doirasida kamida 1 milliard 850 million dollar investitsiyalarni o‘zlashtirish, 20 ming ish o‘rni yaratish va qo‘shimcha 1,2 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan”, — deyiladi xabarda.
Quyidagilar amalga oshiriladi:
Pastdarg‘om tumani “Chimboyobod” hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish mumkin. Tadbirkorlar u yerga 500 million dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.
Zarafshon darosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qo‘shilsa, 30 million dollarlik loyihalarga joy bo‘ladi.
Darg‘om kanali bo‘yida 35 kilometrli turistik yo‘lak, Narpay kanalida gastronomik ko‘prik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 milliard so‘mlik loyihalar amalga oshiriladi.
Samarqand tumanida 350 gektar lalmi yerda turistik-rekreatsion hudud tashkil qilib, mingta tadbirkorni joylashtirish va 3,5 mingta ish o‘rni yaratish mumkin.
Bulung‘ur tumandagi 6 ming gektar samarasi kam g‘alla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshadi, 45 ming odam ishli bo‘ladi. Mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qo‘shimcha 52 million dollar eksport tushumi ta’minlanadi.
Ishtixon, Urgut, Payariq va Qo‘shrabotdagi odamlar 35 ming gektarda uzum yetishtiradi.
Ishtixonda Bog‘dorchilik va uzumchilik ilmiy institutini tajriba stansiyasini tashkil qilish taklifi bildirilgan. Unda “in-vitro” usulida ko‘chatchilik yo‘lga qo‘yilib, uzumning “Gigant”, “Sirliboy”, “Avatar” kabi bozorbop navlari ekiladi. Natijada hosildorlik qo‘shimcha 25-30 sentnerga, eksport 20 million dollarga oshadi.
Qo‘shrabot, Ishtixon, Nurobod, Pastdarg‘om, Paxtachi va Urgutdagi konlar negizida foydali qazilmalarni qayta ishlash korxonalari ochish mumkin.
Shavkat Mirziyoyev provel soveshanie po meram sotsialno-ekonomicheskogo razvitiya Samarkandskoy oblasti i povisheniyu blagosostoyaniya naseleniya.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish bo‘yicha chora-tadbirlarni taqdimot qildi. Davlat rahbari bu takliflarni ma’qulladi. Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash bo‘yicha qaror kiritish vazifasini qo‘ydi.