TOShKENT, 20 noya — Sputnik. Gaz sarfi va xarajatlarini onlayn rejimda kuzatish imkonini beruvchi mobil ilova test sinovida ishga tushirildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
Avvalroq “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yangi “HET Billing Mobile” mobil ilovasi ishga tushirilgandi. Aytilishicha, iste’molchilardan “Tabiiy gaz iste’moli uchun ham xuddi shunday mobil ilova ishlab chiqish bo‘yicha takliflar kelib tushgan.
“Shu kabi takliflar inobatga olinib, Energetika vazirligi hamda “Hududgazta’minot” AJ tomonidan aholi iste’molchilarining tabiiy gaz sarfi va xarajatlarini onlayn kuzatish imkonini beruvchi “Hudud Gaz Ta‘minot” mobil ilovasi test sinovida ishga tushirildi”, — deyiladi xabarda.
“Mazkur ilova orqali iste’molchilar bevosita kunlik va oylik kesimida tabiiy gaz iste’molini kuzatib borish, xususan, gaz hisob raqamlariga to‘lov qilish hamda suyultirilgan gaz iste’molchilari o‘z hisoblarini to‘ldirish va biriktirilgan ballonlar ro‘yxatini ko‘rib borish imkoniyatiga ega bo‘ladilar”, — deya aniqlik kiritilgan xabarda.
Ilovani yuklab olgandan keyin unga tegishli shaxsiy hisob raqami hamda One ID xizmati orqali ulanish mumkin.