Samarqandda O‘zbekiston Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 33-yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar Registon maydonidan boshlandi. 20x40 metr o‘lchamdagi bayroqni ko‘targan harbiylar, sportchi yoshlar, ichki ishlar va milliy gvardiya boshqarmasi otliqlari, texnika vositalari Ko‘ksaroy maydoni tomon harakatlandi.
Bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan quyidagi holatlarda foydalanish mumkin:
jamoat joylarida, binolarda, yashash yoki ish joylarida, transport salonida;
sport musobaqalari, ommaviy, tantanali va madaniy tadbirlarda, oilaviy bayramlarda, xotira sanalarni nishonlashda, jamiyat va davlat arboblari, harbiy xizmatchilar dafn marosimlarida;
xalqaro sport musobaqalari hamda O‘zbekiston chempionatlari uchun sport kiyimlarini tayyorlashda.
Quyidagilar bayroqqa nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi:
yirtilgan, ifloslangan, teshilgan, rangi oqargan holda va boshqa nomaqbul tarzda foydalanish;
biror-bir narsa uchun ustki yoping‘ich sifatida foydalanish;
stollarga, o‘rindiqlarga, stullarga to‘shash yoki tasvirlash, undan qoplama sifatida foydalanish, o‘tiriladigan boshqa joylarga yoki oyoq ostiga to‘shash yoki tasvirlash;
kiyim-kechak, dastro‘mol yoki ko‘rpa-to‘shak sifatida, buyumlarni saqlash va tashish uchun foydalanish;
bayroq tasviri tushirilgan belgilarni poyabzal, dastro‘mol, ko‘rpa-to‘shak, ichki kiyim-kechakga, sochiqlarga, qutilarga (o‘rovlarga), bir marta foydalanish va tashlab yuborish uchun mo‘ljallangan buyumlarga bosib chiqarish yoki uning tasvirini boshqacha tarzda tushirish;
bayroq va uning tasviri tushirilgan belgilardan odob-ahloq qoidalari va jamiyatda yurish-turish qoidalariga zid ravishda foydalanish mumkin emas.