Rossiya kompaniyasi o‘zbekistonliklarni sendvich-panellar ishlab chiqarishda ishga jalb qilmoqchi

O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Rossiyaning "Texnopan" bosh direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Sputnik
TOShKENT, 17 noya — Sputnik. Rossiya kompaniyasi o‘zbekistonliklarni sendvich-panellar ishlab chiqarish sohasida ishga taklif qilmoqda, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Rossiyaning "Texnopan" MChJ bosh direktori Yevgeniy Vaulin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur kompaniyaning O‘zbekiston tomoni bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, Rossiyada o‘zbekistonlik mutaxassislarni ish bilan ta’minlash masalalari muhokama qilindi.
Yevgeniy Vaulin qayd etishicha, kompaniya rejalarida o‘zbekistonlik potensial hamkorlar bilan muzokaralar o‘tkazish, jumladan, "Texnopan" brendi ostida sendvich-panellar ishlab chiqarishni bevosita O‘zbekistonda yo‘lga qo‘yish masalasi ham bor.
"Texnopan" MChJ rahbari ishlab chiqarish jarayonlariga o‘zbek mutaxassislarini – oddiy ishchilardan tortib muhandislargacha jalb etishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Aytilishicha, hozirda kompaniyaning Novosibirsk shahridagi korxonalarida yuqori kasbiy fazilatlarga va yuksak obro‘-e’tiborga ega 20 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari faoliyat yuritmoqda.