O‘zbekiston Kimberli jarayonining sertifikatlashtirish sxemasiga qo‘shildi — bu nima beradi?

Kimberli jarayoni xalqaro hukumatlararo tashabbus bo‘lib, uning asosiy maqsadi noqonuniy yo‘l bilan qazib olingan, “qonli” yoki “mojaroli” deb ataluvchi olmoslarning jahon bozoriga kirib kelishiga qarshi kurashishdir.
Sputnik
TOShKENT, 16 noya — Sputnik. O‘zbekiston Kimberli jarayonining sertifikatlashtirish sxemasiga qo‘shildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
12-15 noyabr kunlari Dubay shahrida Kimberli jarayonining 21-yillik yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Davlat asillik darajasi nazorati inspeksiyasi hamda “O‘zbekzargarsanoati” uyushmasi vakillaridan iborat delegatsiya ishtirok etdi.
Uzbekistan prisoyedinilas k Sxeme sertifikatsii Kimberliyskogo protsessa
Yalpi majlis doirasida O‘zbekistonning Kimberli jarayoniga qo‘shilish bo‘yicha murojaati ijobiy ko‘rib chiqilib, u Kimberli jarayoniga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi.
Bunga joriy yil oktabr oyida Kimberli jarayoni ishtirokchi davlatlari (Birlashgan Arab Amirliklari, Rossiya va Belarus) va kuzatuvchilari (Butunjahon olmos kengashi) vakillaridan iborat ekspert missiyasining O‘zbekistonga tashrifi asos bo‘ldi. Ushbu tashrif natijalariga ko‘ra, respublika Kimberli jarayonining minimal talablari bajarilganligi bo‘yicha ekspert missiyasi tomonidan ijobiy baho oldi.
Uzbekistan prisoyedinilas k Sxeme sertifikatsii Kimberliyskogo protsessa
Ma’lumot o‘rnida, Kimberli jarayoni xalqaro hukumatlararo tashabbus bo‘lib, uning asosiy maqsadi noqonuniy yo‘l bilan qazib olingan, “qonli” yoki “mojaroli” deb ataluvchi olmoslarning jahon bozoriga kirib kelishiga qarshi kurashishdir. Ushbu tashabbus bunday qimmatbaho toshlardan tushgan mablag‘larning mintaqaviy nizolarni va xalqaro terroristik guruhlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishiga qarshilik ko‘rsatishni ko‘zlaydi.
Kimberli jarayonining sertifikatlashtirish sxemasiga qo‘shilish:
milliy zargarlik sanoati ishlab chiqaruvchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash;
jahon olmos bozoriga kirish orqali ularning xalqaro bozordagi huquqlarini ta’minlash;
umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
O‘zbekistonning xalqaro maydondagi imidjini yaxshilash;
ilg‘or xorijiy tajriba almashish;
zamonaviy texnologiyalar va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
mamlakat iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.