Abxaziyadagi vaziyat: namoyishchilar muddatidan oldin saylov o‘tkazish taklifini rad etdi

Namoyishchilar Aslan Bjaniyaning taklifini rad etdi va hukumat majmuasini bo‘shatishdan bosh tortdi.
Sputnik
TOShKENT, 16 noya — Sputnik. Abxaziya prezidenti Aslan Bjaniya namoyishchilar Suxumdagi parlament binosini tark etsa, iste’foga chiqishga va’da berdi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Ular binodan chiqqach, men iste’foga chiqish to‘g‘risida ariza yozaman, yangi saylovlarda ularning qanchalik qo‘llab-quvvatlanishini ko‘ramiz”, - dedi u Tamish qishlog‘ida xalq bilan uchrashuvda.
Prezident namoyishchilar hukumat binosi majmuasini bo‘shatishlari kerakligini, keyin esa u yangi saylovlar o‘tkazishga tayyorligini ta’kidladi. U iste’foga chiqqan taqdirda, vitse-prezident mamlakatni boshqarishini qo‘shimcha qildi. O‘zi ham saylovda nomzodini qo‘yishga tayyorligini ta’kidladi.
Namoyishchilar esa Aslan Bjaniyaning taklifini rad etdi va hukumat majmuasini bo‘shatishdan bosh tortdi. Namoyishchilar bir ovozdan rozi emasliklarini va faqat Bjaniyaning iste’fosini qabul qilishlarini aytishdi.

Abxaziyada nima bo‘lmoqda?

Abxaziya parlamenti Rossiya bilan investitsiya shartnomasini ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasini ko‘rib chiqishi kerak edi. Muxolifat ushbu hujjatning ratifikatsiya qilinishiga qarshi, ular gap Abxaziyadagi apartamentlarni Rossiyaga sotish haqida ketayapti, deb hisoblaydi. Natijada majlis bo‘lib o‘tmadi – deputatlar masalani ko‘rib chiqishni keyingi haftaga qoldirishga qaror qilishdi.
Muxolifatning ta’kidlashicha, kelishuv ratifikatsiya qilinganidan keyin Rossiya kompaniyalari Abxaziyada apartamentlar qurishni boshlaydi, bu uy-joy narxining oshishiga olib keladi va iqtisodiyot uchun xavf tug‘diradi, bu esa keyinchalik mahalliy kichik va o‘rta biznesga zarar yetkazishi mumkin. Hujjatni qabul qilishni bahorda respublikada bo‘lib o‘tadigan prezident saylovigacha qoldirish asosiy talabdir. Namoyishchilarning fikricha, bu saylovoldi dasturlarida muhim nuqtalardan biriga aylanishi kerak.
Shundan so‘ng, parlament binosida muxolifat chaqirig‘i bilan namoyishchilar to‘plana boshladilar, ular oliy davlat organi hujjatni ratifikatsiya qilishga qarshi ovoz bermaguncha tarqalish niyatida emasliklarini e’lon qildilar. Majlis bo‘lmasligi aniq bo‘lgach, namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida to‘qnashuvlar boshlandi. Muxolifat tarafdorlari hukumat binolari majmuasini o‘rab turgan panjarani buzib, parlament va prezident ma’muriyatiga bostirib kirishdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 14 kishi jarohatlangan.
Prezident, deputatlar va hukumat ish joylarini tark etdi, muxolifat esa davlat rahbarining iste’fosini talab qila boshladi. Muzokaralar boshlandi, u kech tunda prezident o‘z tarafdorlari oldiga chiqishi bilan yakunlandi. Bjaniya o‘zi va hukumatning barcha a’zolari o‘z o‘rnida qolishini aytdi, so‘ngra ona qishlog‘i Tamishga yo‘l oldi.
Muxolifat ertalab murojaat e’lon qilib, unda Bjaniyaning iste’foga chiqishi va mamlakatdagi siyosiy vaziyatni barqarorlashtirishni o‘z maqsadi deb atadi va yangi mitingga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.
Abxaziyada namoyishchilar parlament binosiga kirishga urinmoqda