Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida qonun qabul qilindi

Yangi qonunda bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli choralar belgilangan.
Sputnik
TOShKENT, 15 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Yangi qonun 5 bob va 51 moddadan iborat bo‘lib, unda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik tushunchasi va nafaqat jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari, balkim bolaga g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, uni majburiy ekspluatatsiya qilish, bulling kabi tushunchalar ham kiritilgan.
Shuningdek, davlat bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish uchun tegishli huquqiy, ma’muriy, ijtimoiy, iqtisodiy va boshqa choralarni ko‘rishi, zo‘ravonlikdan jabrlanuvchilarni reabilitatsiya qilishi va ularning huquqlarini tiklashi hamda ularni ijtimoiy moslashtirish uchun zarur bo‘lgan samarali choralar ko‘rishi qonunan belgilangan.
Xususan, mutasaddi organlarning bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga oid maxsus vakolatlari, o‘zaro ishlash mexanizmi va mas’uliyati doirasi ko‘zda tutilmoqda.
“Muhimi, qonun bilan nafaqat zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan bolalarni himoya qilish, balki zo‘ravonlik xavfi ostida bo‘lgan bolalarni aniqlash va ularga nisbatan zo‘ravonlik xavflarini bartaraf etish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda”, - deyiladi xabarda.
Bolalarni himoya qilish to‘g‘risidagi yangi qonun 2025-yil 15-maydan kuchga kiradi.