TOShKENT, 13 noya — Sputnik. O‘zbekiston birinchi xonimi, "Zamin" xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Bokuda COP29 ishtirokchilarini yoshlarning iqlimga oid tashabbuslarini keng qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi, deya xabar berdi O‘zA.
Sammit doirasida "Yoshlarning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatlardagi yetakchiligi " mavzusida forum bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya birinchi xonimlari
© Mejdunarodniy obshestvenniy fond Zamin
O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston birinchi xonimi Ziroat Mirziyoyeva, Ozarbayjon birinchi xonimi Mehribon Aliyeva, Turkiya birinchi xonimi Emine Erdog‘an, Qirg‘iziston birinchi xonimi Oygul Japarova ishtirok etdi. Shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston, Vengriya, BMT tuzilmalari va xalqaro tashkilotlarning yuqori martabali vakillari, mazkur mamlakatlarning yosh ekofaollari qatnashdi.
Oygul Japarova
© Mejdunarodniy obshestvenniy fond Zamin
Uchrashuv avvalida mehmonlar ekofaollar tomonidan ishlab chiqilgan "Indivisible" ("Bo‘linmas") badiiy installyatsiyasi bilan tanishdi. Panno quroq texnikasida ishlangan bo‘lib, undagi har bir mato parchasi mamlakatlar uchun noyob bo‘lgan va yo‘qolib borayotgan o‘simlikni anglatadi. Tabiiy merosni asrab-avaylashga da’vat etuvchi ushbu loyiha tabiat va insoniyat bo‘linmasligini yodga soladi.
Emine Erdog‘an
© Mejdunarodniy obshestvenniy fond Zamin
Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlaridan yosh avlod – go‘daklar, bolalar va o‘smirlar hayotiga katta ta’sir ko‘rsatayotgani, ularning millionlab tengdoshlari tabiiy ofatlardan, qurg‘oqchilikdan, suv va oziq-ovqat tanqisligidan har kuni aziyat chekayotgani qayd etildi.
“Bu hodisalarga qarshi kurashni yosh avlodsiz, uning ongli va faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ushbu nufuzli minbardan turib, bugun Markaziy Osiyo va Turkiy xalqlar yoshlari ham mana shu global harakatning ajralmas qismi sifatida shakllanayotganini qayd etish menga katta faxr bag‘ishlaydi, — dedi Ziroat Mirziyoyeva.
Ziroat Mirziyoyeva so‘zining yakunida yigit-qizlarga murojaat qildi.
"Bugun siz iqlim o‘zgarishi bo‘yicha harakatning oldingi safidasiz. Sizning qat’iy shijoatingiz, yangi g‘oyalar va tashabbuslaringiz hammamizni umumiy maqsad sari yanada birlashtiradi. Shuni bilingki, sizning faolligingiz, sa’y-harakatlaringiz hayotimizni, Yer sayyorasi atalmish umumiy makonimizni albatta o‘zgartiradi", — dedi Mirziyoyeva.
Tadbir davomida O‘zbekiston, Vengriya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston ekofaollari hukumatlarni yosh avlodning iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayonlarda ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirishga chaqiruvchi bayonot bilan chiqishdi.
"Biz yosh avlod bilan tizimli va muntazam “iqlim muloqoti”ni o‘rnatish, ekologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlarimizning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish imkoniyatlarini kengaytirish tarafdorimiz", — deya qayd etdi Mirziyoyeva.
Asosiy takliflar:
Xalqaro maslahat qo‘mitasini tuzish;
bilim almashish, mintaqaviy va milliy iqlimga oid loyihalarni muvofiqlashtirish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladigan raqamli platforma yaratish;
barqaror rivojlanishni ilgari surish va yoshlar o‘rtasida ekologik savodxonlikni oshirishga qaratilgan "Young Climate Champions" xalqaro ekofaollar hamjamiyatini tashkil etish.
"Transchegaraviy ekotizimlar" loyihasi transchegaraviy tabiat obyektlari - qo‘riqxonalar, darolar va hayvonlarning migratsiya yo‘nalishlarini asrash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni nazarda tutadi.
Mehribon Aliyeva
© Mejdunarodniy obshestvenniy fond Zamin
Ekofaollar vizual kontent, shu jumladan VR-videolavhalardan iborat interfaol o‘quv xaritasini namoyish etishdi. Ushbu tashabbuslarning barchasi real hayotga ko‘chmoqda, ularni barqaror amalga oshirish uchun davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, yosh ekofaollar, tadbirkorlar, olimlar va ekspertlardan iborat Ekologik kun tartibi bo‘yicha maslahat qo‘mitasi tashkil etildi.
Qo‘mita qarorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari, Ozarbayjon, Vengriya va Turkiyaning yoshlar ishlari, ekologiya va ta’lim vazirlaridan iborat nufuzli Vasiylik kengashi tuzildi.
O‘zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qirg‘iziston birinchi xonimlari
© Mejdunarodniy obshestvenniy fond Zamin
Maslahat qo‘mitasi bosh qarorgohi Toshkentda joylashgan yangi Butunjahon yoshlar ofisida faoliyat yuritadi. Mazkur ofis huzurida global miqyosda yoshlar tashabbuslari va loyihalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham ish olib boradi.
Forumda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkiya tomonidan 2024-2030 yillarda Barqaror rivojlanish madaniyatini ilgari surish hamda bolalar va yoshlarni iqlim kun tartibiga jalb qilish bo‘yicha xalqaro strategiya imzolandi.
Yosh ekofaollarning tavsiyalariga asoslangan ushbu hujjat iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish masalalarida davlat organlari, ta’lim muassasalari, jamoat va ilmiy tashkilotlar, bolalar va yoshlar o‘rtasidagi samarali hamkorlik uchun global zamin yaratishga qaratilgan.