Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyorligimizni bildiramiz — Mirziyoyev

Mirziyoyev Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Sputnik
TOShKENT, 12 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev navbatdan tashqari arab-islom sammitida nutq so‘zladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Saudiya Arabistoni raisligida o‘tgan tadbirda Yaqin Sharq, Markaziy va Janubiy Osiyo, Afrika qit’asining yetakchi mamlakatlarining davlat va hukumat rahbarlari ishtirok etdi.
Prezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev vistupil na vneocherednom arabo-islamskom sammite.
Kun tartibiga muvofiq, xalqaro hamjamiyatning G‘azo va Livandagi keskinlikni kamaytirish, yuzaga kelayotgan vaziyatni tez fursatda siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Prezident Falastin-Isroil muammosini tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal etishga qaratilgan barcha amaliy tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatladi.
Prezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev vistupil na vneocherednom arabo-islamskom sammite.
“Hamkasblarim o‘z nutqlarida aytib o‘tganlaridek, ming-minglab begunoh bolalar, ayollar va keksalar o‘limiga sabab bo‘layotgan bu vayronkor va mudhish hujumlar insoniyat yangi tarixining eng qora sahifasiga aylanmoqda. Ijtimoiy infratuzilma obyektlari, maktab va shifoxonalar, masjidlar, butun boshli shaharlar yo‘q qilib tashlanayotgani, millionlab tinch aholi boshpanasiz qolib, ocharchilik va kasalliklarga mahkum bo‘layotganini iztirobsiz kuzatish mumkin emas. Eng yomoni, hammamiz guvoh bo‘layotganimizdek, ushbu fojiaga nisbatan xalqaro maydonda ikki xil standartlar asosida yondashilmoqda. Bu esa urushning keng yoyilib ketish ehtimolini keskin oshirmoqda, xalqaro xavfsizlikka jiddiy raxna solmoqda”, — dedi prezident.
Bugungi sammitda global va mintaqa darajasida samarali mexanizmlar va aniq yechimlar ishlab chiqilib, hayotga joriy etilishiga ishonch bildirildi.
Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish, xavfsiz gumanitar yo‘laklarni ta’minlash va tinchlik muzokaralarini boshlash masalalari Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Xavfsizlik Kengashining doimiy e’tibor markazida turishi zarurligi qayd etildi.
Qadimiy va boy tarixga ega falastin xalqi 1967-yildagi chegaralar doirasida, poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil va ozod davlatini tuzishga to‘la haqli ekani ta’kidlandi.
Shu ma’noda, Saudiya Arabistoni tashabbusi bilan tashkil etilgan Ikki davlat yechimi uchun global alyans faoliyati qo‘llab-quvvatlandi.
Bundan tashqari, Falastin va Livan hududidagi gumanitar inqirozning oldini olish maqsadida yetakchi davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Maxsus agentligi doirasida yordam ko‘lamini kengaytirish taklif etildi.
O‘zbekiston yetakchisi urushda jabrlangan falastinlik bolalar va ayollarni O‘zbekiston shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor ekanini ta’kidladi.
Falastin xalqiga amaliy yordam ko‘rsatish masalalarini kelgusi yili Samarqandda o‘tadigan “Ko‘rfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” sammitida ham muhokama qilish niyati bildirildi.
Prezident muqaddas Al-Aqso masjidi, Quddusdagi boshqa noyob tarixiy-madaniy yodgorliklarning daxlsizligini ta’minlash hamda ularni beshikast saqlab qolish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
So‘zining yakunida davlat rahbari mazkur uchrashuv Yaqin Sharq muammosini hal etishda katta qadam bo‘lishiga umid bildirdi.
Prezident Respubliki Uzbekistan Shavkat Mirziyoyev vistupil na vneocherednom arabo-islamskom sammite.
Muhokamalardan so‘ng tomonlar mojaroning siyosiy-diplomatik yechimini jadal izlashga sodiqligini tasdiqlovchi qo‘shma rezolyutsiya qabul qilindi.