TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Vengriyadan O‘zbekistonga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqiladi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi "Diplomatik korpusga xizmat ko‘rsatish burosi" davlat unitar korxonasi vakillari va Vengriyaning "1000 yo‘l" kompaniyasi direktori Oleg Yermilov o‘rtasida onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar chog‘ida turizm sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari va Vengriyadan sayyohlarni jalb etishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.
“Vengriya tomoni hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini bildirib, o‘zbek madaniy merosi, tarixiy obidalari va milliy qadriyatlari yevropalik sayyohlar uchun jozibadorligini qayd etdi. Oleg Yermilov O‘zbekistonni dam olish va madaniy turizmning o‘ziga xos yo‘nalishi sifatida ommalashtirish yo‘lida birgalikda ish olib borish niyatini bildirdi”, — deyiladi xabarda.
Vengriyadan sayyohlarni jalb qilish maqsadida "Diplomatik servis xizmati burosi" DUK tomonidan tashkil etilgan bir haftalik gastronomik turizm dasturlarini ishlab chiqish, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonda qo‘shma turistik yo‘nalish yaratish va ishga tushirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Vengriyadagi yetakchi turoperatorlardan biri bo‘lgan "1000 yo‘l" sayyohlik kompaniyasi Markaziy va Sharqiy Yevropaning diqqatga sazovor joylariga ekskursiyalar tashkil etishga ixtisoslashgan, shuningdek, O‘zbekistonga sayohatlar jalb qiladi.