TOShKENT, 10 noya — Sputnik. O‘zbekistonda 11–16 noyabr kunlari “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi, deya xabar berdi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita axborot xizmati.
“16 noyabr – Xalqaro bag‘rikenglik kuniga bag‘ishlab, joriy yilning 11–16-noyabr kunlari respublikaning barcha hududida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi”, — deyiladi xabarda.
Haftalik doirasida Respublika umumta’lim maktablarida “Bag‘rikenglik mening nazdimda” mavzusida eng yaxshi insholar tanlovlari, “Mening bag‘rikeng dunyoim” mavzusida eng yaxshi rasmlar tanlovlari, bag‘rikenglikni targ‘ib qiluvchi she’rxonlik kechalari bo‘lib o‘tadi.
Shuningdek, Respublika oliy ta’lim muassasalarida “Biz bir mamlakatda yashayotgan yagona xalqmiz”, “Diniy ma’rifat va millatlararo bag‘rikenglik – jamiyat barqarorligi sharti” mavzularida ilmiy-amaliy va ma’rifiy tadbirlar, “Millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik – umrboqiy qadriyatlar” mavzusida davra suhbatlari tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan hududlardagi xiyobon va sayilgohlarda “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli madaniy tadbirlar, ijodkor ziyolilar, qardosh xalqlarning yozuvchi va shoirlari, jamoatchilik vakillari ishtirokida adabiy- badiiy asarlar ko‘rgazmasi ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Toshkent Fotosuratlar uyida “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” nomli ko‘rgazma, “Yangi O‘zbekiston kitob va kitobxonlikdan boshlanadi” nomli badiiy asarlar ko‘rgazmasi, she’rxonlik kechalari bo‘lib o‘tadi.
Haftalik tashkilotchilari: Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda O‘zbekistonda 130 tadan ziyod millat va elatlarning vakillari yashab kelmoqda.