TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekiston va Rossiyaning Novosibirsk viloyati ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkaziladi. Bu haqda "Dunyo" AA xabar berdi.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasida Novosibirsk viloyati sanoat, savdo va tadbirkorlikni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Denis Raguzov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yilning noyabr-dekabr oylarida O‘zbekiston va Novosibirsk viloyati ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkazish, hududlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.
Denis Raguzov ushbu tadbirni tashkil etish Novosibirsk viloyati gubernatorining shaxsiy nazoratida ekanini bildirdi. Shuningdek, Novosibirsk viloyati rahbariyati O‘zbekiston bilan hududlararo hamkorlikni mustahkamlashga katta ahamiyat qaratayotgani alohida ta’kidlandi.
Uchrashuvda bo‘lajak biznes-forumda qishloq xo‘jaligi, qurilish, farmatsevtika, energetika va boshqa sohalardagi korxonalarni jalb etish masalalariga e’tibor qaratildi.