TOShKENT, 6 noya — Sputnik. O‘zbekistonda aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi. Bu haqda 5-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan tegishli qonunda nazarda tutilgan.
“Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Hujjat aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lgan shaxslar psixologik yordam ko‘rsatish bo‘yicha faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega. Bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan yordam ko‘rsatish yoki qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilandi.
Psixologik yordam quyidagilar tomonidan bepul yoki pullik asosda ko‘rsatiladi:
davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi psixologlar;
ushbu sohada xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi yuridik shaxslar;
yakka tartibdagi tadbirkorlar.
Maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida ham ta’lim oluvchilar uchun psixologik yordam ko‘rsatish tashkil etiladi.
Psixologik yordam turlari quyidagilar:
Psixologik profilaktika - psixologik muammolarni keltirib chiqaruvchi omillar va shart-sharoitlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etishga doir chora-tadbirlar.
Psixologik ko‘rik – normal hayet kechirishga xalal beruvchi, uning xulq-atvoriga va boshqa shaxslar bilan o‘zaro munosabatlariga salbiy ta’sir qiluvchi muammolarni aniqlash, shaxsga ko‘rsatilishi kerak bo‘lgan psixologik yordamning turini, shaklini, hajmini va muddatlarini belgilash uchun zarur bo‘lgan xususiyatlarni baholash maqsadida o‘tkaziladi.
Psixologik reablitatsiya – psixologik muammolari mavjud bo‘lgan shaxsning ijtimoiy moslashishiga yordam ko‘rsatishga hamda unga ushbu sohadagi qobiliyatlarini tiklashda ko‘maklashishga qaratilgan.
Psixologik korreksiya – shaxsning psixologik muammolarga olib keluvchi o‘ziga xos shaxsiy xususiyatlari va xulq-atvorini tuzatishga qaratilgan tadbirlar majmuidan iborat.
Psixologik maslahat – shaxsining psixologik muammolarini tushunishga va ularni yechishda ko‘maklashishga qaratilgan psixologik yordam.
Psixologik trening – insonda shaxsiy rivojlanish uchun zarur bo‘lgan muayan ko‘nikmalarni, xulq-atvorni yoki psixologik sohasiga taaluqli yangi bilimlarni shakllantirishga yoki uni tang vaziyatlardan chiqarishga, shuningdek shaxsning ma’naviy kamol topishini psixologik jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlar, mashg‘ulotlar.
Shaxs psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi tadqiqotlarga yoki ilmiy tajribalarga faqat ixtiyoriy ravishdagi yozma roziligi yoki o‘z qonuniy vakillarining yozma roziligi olinganidan keyin jalb etilishi mumkinligi belgilandi.
Shaxsning psixologik yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qilganligi fakti, psixologik yordam natijalari to‘g‘risidagi ma’lumotlar va psixologik yordam ko‘rsatish chog‘ida olingan boshqa ma’lumotlar psixologning kasbiy sirini tashkil etadi hamda shifokor siriga tenglashtiriladi.
O‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsga uning qonuniy vakillarining roziligisiz psixologik yordam ko‘rsatishga unga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik o‘tkazish hollari aniqlanganda, shuningdek favqulodda holatda, favqulodda vaziyatda yoki baxtsiz xodisalarda yo‘l qo‘yiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach kuchga kiradi.