Shavkat Mirziyoyev Qirg‘izistonga boradi — tashrifdan maqsad

Bishkekda O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo Xartiyasi qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 5 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning taklifiga binoan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun 5-6 noyabr kunlari amaliy tashrif bilan Bishkek shahrida bo‘ladi, deya xabar berdi davlat rahbari matbuot xizmati.
Sammit kun tartibidan tashkilot doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
“Har doimgidek, siyosiy muloqotni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik aloqalarini rag‘batlantirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish vazifalari e’tibor markazida bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.
Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishadi.
Yig‘ilish yakunida qator qo‘shma qaror va hujjatlar, jumladan, O‘zbekiston tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Turkiy dunyo Xartiyasi qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.