TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ishbilarmonlari kelasi yil Xitoyning Guanchjou shahriga boradi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi xodimlari Xitoyning "Canton Enterprises Chamber of Commerce" tashkiloti rahbariyati bilan uchrashdi.
Aytilishicha, tomonlar o‘zaro biznes missiyalarni tashkil etish orqali hududlararo hamkorlikni kengaytirish, aniq qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan fikr almashdi.
“2025 yil 10-12 yanvar kunlari Guanchjou shahrining tarixiy ko‘chalaridan biri – "Beyjin Lu"da Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari ishbilarmon doiralari vakillarini taklif qilgan holda O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosi, turizm va biznes salohiyati namoyishiga bag‘ishlangan taqdimot hamda B2B formatidagi muzokaralarni o‘tkazish to‘g‘risida kelishib olindi”, — deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini kengaytirish maqsadida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyati ishbilarmon doiralari hamda mazkur uyushmaga a’zo korxona vakillari o‘rtasida onlayn biznes-forum ham o‘tkaziladi.