TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Toshkentda N.P. Bochkov nomidagi Tibbiy-genetika ilmiy markazi filiali ochildi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tgan kamob (orfan) kasalliklarni davolashga bag‘ishlangan “Chegara bilmas hamdo‘stlik” xalqaro forumida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
"N.P. Bochkov nomidagi tibbiy-genetik ilmiy markazi" federal davlat budjet ilmiy muassasasi direktori, Rossiya tibbiy genetiklar assotsiatsiyasi prezidenti Sergey Kutsevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu filial Inson immunologiyasi va genomikasi instituti bazasida faoliyat ko‘rsatadi.
"Filialning faoliyati qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, bemorlarga maslahat berish va ta’limiy hamkorlik tadbirlarini tashkil etishga qaratilgan", — dedi Kutsev.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Fanlar akademiyasining Immunologiya va inson genomikasi instituti hamda Rossiyaning “Akademik N.P. Bochkov nomidagi tibbiy-genetik ilmiy markazi” Federal davlat budjeti ilmiy muassasasi o‘rtasida bitim imzolangandi. Hujjat O‘zbekistonda Toshkent tibbiy-genetik ilmiy markazi - "Akademik N.P. Bochkov nomidagi tibbiy-genetik ilmiy markazi” Federal davlat budjeti ilmiy muassasasining bo‘linmasini tashkil etishni nazarda tutadi.