TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Moskva Livan va Isroil o‘rtasida tinchlik o‘rnatishga yordam berishga tayyor va bu borada, jumladan, ikki tomonlama aloqalarda ishlamoqda. Bu haqda RIA Novostiga Rossiya Federatsiyasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Bogdanov ma’lum qildi.
Bogdanov Rossiyaning Livan va Isroil o‘rtasida bo‘lishi mumkin bo‘lgan kelishuvning kafiliga aylanish bo‘yicha takliflar bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berdi.
“Livanga kelsak, biz hamma bilan aloqadamiz. Men bunday takliflarni eshitmaganman. Biz BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi sifatida 1701-rezolyutsiya ustida ishlayapmiz, Nyu-Yorkda, boshqa joylarda va ikki tomonlama muloqotlar chog‘ida bo‘lib o‘tayotgan barcha muhokamalarda faol ishtirok etmoqdamiz. Biz, albatta, tinchlik va barqarorlikni qaror toptirishga o‘z hissamizni qo‘shishga tayyormiz”, — dedi u.
Uning qo‘shimcha qilishicha, buning uchun tomonlarning manfaatlari buzilmasligi uchun o‘zaro maqbul kelishuvlar zarur.
Avvalroq Ynet portali isroillik yuqori martabali amaldorlarga tayanib, Isroil AQSh ishtirokida Livan bilan kelishuv bo‘yicha faol muzokaralar olib borayotgani va Rossiya bo‘lajak kelishuvga rioya etilishini ta’minlashda alohida rol o‘ynashidan manfaatdor ekanini xabar qilgan edi.