Xitoylik ishbilarmonlar O‘zbekistonga keladi — tafsilotlar

O‘zbekistonning Navoiy va Xitoyning Chjuchjou shaharlari birodarlik aloqalarini yuqori bosqichga ko‘tarmoqchi.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Kelasi yil Xitoyning Chjuchjou shahri meri boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyuradi, deya xabar berdi "Dunyo" AA.
O‘zbekistonning Guanchjou shahridagi Bosh konsulxonasi xodimlari Xunan provinsiyasi gubernatori o‘rinbosari Sao Chjitsan, Tashqi ishlar departamenti hamda Tashqi savdoga ko‘maklashish va Tijorat departamenti vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
“Xitoy tomoniga mamlakatimiz hududlarida xorijiy investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, mavjud investitsiyaviy muhit haqida ma’lumot berildi. Chjuchjou va Navoiy shaharlari o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik aloqalaridan to‘liq foydalanish, amaliy qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish xususida fikr almashildi”, — deyiladi xabarda.
O‘zaro tashriflar doirasida erishilgan kelishuvlarni jadallashtirish maqsadida 2025-yil birinchi yarmida Chjuchjou shahri meri boshchiligidagi ishbilarmon doira vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini ishlab chiqishga kelishib olindi.
O‘zbekiston diplomatlari safar doirasida "The 3rd International summit on BDS applications" tadbirida ishtirok etdi. Unda Xitoyning yetakchi kompaniyalari, universitetlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari va sanoat birlashmalari hamda O‘zbekiston, Rossiya, Laos, Janubiy Koreya, Fransiya Afrika davlatlari vakillari qatnashdi.