Samarqandlik jarroh Rossiyaning “Bolalar shifokor-murabbiysi” mukofoti bilan taqdirlandi

Azamat Shamsiyev mazkur mukofot bilan taqdirlangan ilk xorijlik jarroh bo‘ldi.
Sputnik
TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Samarqandlik jarroh Azamat Shamsiyevga Rossiyada “Bolalar shifokor-murabbiysi” mukofoti berildi.
Moskvada akademik Yu.Veltishev nomidagi Pediatriya va bolalar xirurgiyasi ilmiy-tadqiqot klinik instituti tomonidan “Pediatriya va bolalar xirurgiyasida innovatsion texnologiyalar” mavzusida kongress o‘tkazildi.
Kongress doirasida Samarqand davlat tibbiyot universiteti 1-son bolalar xirurgiyasi kafedrasi professori Azamat Shamsiyevga Rossiyada xizmat ko‘rsatgan fan arbobi A.Kisel nomidagi “Bolalar shifokor-murabbiysi” mukofoti berildi.
Xirurgu iz Samarkanda vruchili v Rossii premiyu "Detskiy vrach-nastavnik"
Ushbu mukofot shu paytgacha faqat rossiyalik bolalar jarrohlariga berilgan va Azamat Shamsiyev mazkur mukofot bilan taqdirlangan ilk xorijlik olim bo‘ldi.
Mukofot tibbiyot fanlari va amaliy tibbiyot sohasidagi taniqli shaxslarga murabbiylikni rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi uchun beriladi. Laureatlarning taqdirlanishi belgilangan namunadagi faxriy diplom va yodgorlik belgisi bilan tasdiqlanadi.
Bugungi kungacha professor Rossiyaning akademik A.Vishnevskiy nomidagi oltin medal sohibi hamda professor V. Nemsadze mukofoti sovrindori bo‘lgan.
Pediatrlar va bolalar jarrohlari kongressi bolalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha turli mutaxassislarni birlashtiradi, chuqur fundamental va amaliy tadqiqotlar, eng zamonaviy tibbiy bilimlar, bolalarni tashxislash va davolashning innovatsion texnologiyalari sohasidagi ilmiy munozaralar falsafasiga amal qiladi.
Kongressning ilmiy dasturi an’anaviy ravishda bolalar kasalliklarining keng doirasi diagnostikasi, terapiyasi va oldini olish sohasidagi so‘nggi ilmiy ishlanmalarning sintezini aks ettiradi, shuningdek, keng ko‘lamli klinik misollar bo‘yicha an’anaviy davolash usullari, bolalar bilan ishlaydigan barcha shifokorlar uchun yangi ufqlarni ochadi.