TOShKENT, 29 okt — Sputnik. O‘zbekistonda kelasi yil uchun davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda. Bu haqda 2025-yil uchun e’lon qilingan Budjetnomada
ma’lum qilindi. Qayd etilishicha, 2025-yilda yalpi ichki mahsulotning 6 foiz o‘sishi prognoz qilingan.
2025 yil uchun davlat budjeti daromadlari 308,5 trln so‘m, xarajatlari esa 344,6 trln so‘m miqdorida belgilanmoqda.
Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 66,5 trln so‘m miqdorida, xarajatlari esa 117,2 trln so‘m miqdorida rejalashtirilmoqda. Bunda, davlat maqsadli jamg‘armalariga respublika budjetidan 54,4 trln so‘m transfertlar ajratish belgilangan. Xususan, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 58,9 trln so‘m, xarajatlari 74,9 trln so‘mni tashkil etgan holda davlat budjetidan 18,5 trln so‘m miqdorida transfert ajratilishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, 2025-yilda O‘zbekiston nomidan va davlat kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 5,5 mlrd dollar bo‘lishi rejalashtirilmoqda. Ushbu mablag‘dan 3 mlrd dollari davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash, davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun, 2,5 mlrd dollar esa investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.
Qolaversa, budjetnomada O‘zbekistonning asosiy savdo hamkor mamlakatlaridagi iqtisodiy tendensiyalar va kutilmalar ham joy olgan.
Xitoyda sanoat ishlab chiqarishi va eksport hajmlarining tiklanishi bilan bir qatorda import o‘sishining sekinlashuvi, ichki talab zaifligiga ishora bermoqda. Ichki talabni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Xitoy markaziy banki iyul oyida foiz stavkalarini pasaytirishi orqali pul-kredit siyosatini yumshatishi natijasida xususiy iste’molning tiklanishi va eksport oshishi hisobiga yil yakuniga qadar yalpi ichki mahsuloti o‘sishi 5 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
Turkiya iqtisodiyoti 2024-yilda 4,5 foizga o‘sishini kutmoqda va inflyatsiyaning doimiy yuqoriligi sharoitida pul-kredit va fiskal siyosatning qat’iylashishi davom etishi kutilmoqda.
Qozog‘iston iqtisodiyotining yillik o‘sishi joriy yilning yakunlariga ko‘ra, pul kredit sharoitlarining yumshatilishi va iste’molchilar talabiga fiskal rag‘batlantirishning ta’sirini hisobga olgan holda 5,3 foizni tashkil etishi prognoz qilinmoqda.