TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Qozog‘iston hukumati Mo‘g‘ulistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan erkin savdo kelishuviga erishish istagini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu haqda Ulan-Batorda Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev ma’lum qildi.
“Biz ikki tomonlama va ko‘p tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish tarafdorimiz. Shu nuqtayi nazardan, Qozog‘iston Mo‘g‘ulistonning YeOII bilan erkin savdo shartnomasini tuzish niyatini qo‘llab-quvvatlaydi”, — dedi Qozog‘iston rahbari Ulan-Batorga davlat tashrifi chog‘ida.
Mo‘g‘ulistonning YeOII bilan erkin savdo to‘g‘risidagi bitim tuzishi Mo‘g‘uliston va O‘zbekiston o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni ham mustahkamlaydi. Har ikki davlat yaqin yillarda, birinchi navbatda, xaridorgir mahsulotlar turi va yetkazib berish hajmini kengaytirish hisobiga hamkorlikni kengaytirish va tovar ayirboshlashni 5-10 barobarga oshirish niyatida.
Ayni paytda O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi, Mo‘g‘uliston ham tashkilotga qiziqish bildirmoqda, hamkor davlat. Bu ko‘plab sohalarda hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Masalan, YeOIIda erkin savdo zonalarini yaratish bo‘yicha kelishuv mavjud bo‘lib, buning natijasida Ittifoq mamlakatlari va tashqi bozordagi hamkorlar qulay transport-logistika yechimlarini joriy qilishmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, bugungi kunda ikkala davlat ham Ittifoqning to‘laqonli a’zosi bo‘lmasa-da, Rossiya va Xitoy o‘rtasida muhim geostrategik o‘rinni egallaganligi sababli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda ishtirok etishlari mumkin.
“O‘zbekiston va Mo‘g‘ulistonning YeOIIda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi ularga 180 milliondan ortiq aholiga ega umumiy bozorga chiqish imkonini beradi”, – deydi Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Moliya universiteti Global tadqiqotlar instituti ilmiy direktori Aleksandr Ilinskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bojxona tariflari va Ittifoq qoidalarini unifikatsiya qilish, shuningdek, ikki davlat o‘rtasidagi logistika va savdoni soddalashtirishga hamda YeOII transport-logistika yo‘laklarini boshqa mintaqaviy tashabbuslar bilan uyg‘unlashtirishga yordam beradi.