TOShKENT, 29 okt — Sputnik. Isroil Knesseti (parlamenti) Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish va ish olib borish agentligining (UNRWA) Isroildagi faoliyatini taqiqlashga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda RIA Novosti "Jerusalem Post" nashriga tayanib xabar berdi.
Qayd etilishicha, 26-oktabr kuni Isroil parlamentining Tashqi ishlar va xavfsizlik komissiyasi mamlakatda UNRWA faoliyatini taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi.
Isroil BMT agentligi xodimlarining Falastinning HAMAS harakati bilan aloqasi borligini bir necha bor ta’kidlagan.
“Isroil Knesset Plenumi Isroil nazorati ostidagi hududda UNRWA faoliyatini blokirovka qilishga qaratilgan ikkita qonun loyihasi bo‘yicha yakuniy ovoz berishni ma’qulladi”, — deb yozadi nashr.
Qayd etilishicha, qonun loyihalari 92 ovoz, 10 taga qarshi ovoz bilan qabul qilindi. Avvalroq Kanada, Avstraliya, Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Buyuk Britaniya kabi qator davlatlar Isroilda UNRWA faoliyatini taqiqlashga qarshi chiqqan edi.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Falastinlik qochqinlarga yordam ko‘rsatish agentligi (UNRWA) rahbari Filipp Lazzarini Isroil parlamentining mamlakatda UNRWA faoliyatini taqiqlash haqidagi qarorini “jamoaviy jazo” deb atadi. Bu BMT Nizomiga zid ekanligini va "falastinliklar azobining yanada og‘irlashishiga" olib kelishini e’lon qildi.
“Isroil parlamentining (Knesset) bugun kechqurun UNRWAga qarshi ovoz berish... xavfli pretsedentni o‘rnatdi. Bu Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomiga zid va Isroil davlatining xalqaro huquq bo‘yicha majburiyatlarini buzadi... Bu qonun loyihalari falastinliklarning, ayniqsa, bir yildan ortiq vaqtdan beri mutlaq jahannamni boshidan kechirayotgan G‘azodagi azob-uqubatlarni yanada kuchaytiradi. Ular 650 mingdan ortiq qiz va o‘g‘il bolalarni ta’limdan mahrum qiladi va bolalarning butun bir avlodini xavf ostiga qo‘yadi. Bu qonun loyihalari... jamoaviy jazodan boshqa narsa emas”, — deyiladi Lazzarinining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida.
Agentlik rahbari ta’kidlaganidek, Knessetning qarori "UNRWAni obro‘sizlantirish bo‘yicha davom etayotgan kampaniyada" yana bir qadamdir.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) rahbari Tedros Adhanom Gebreyesusning fikricha, Isroil parlamentining BMTning Yaqin Sharqdagi UNRWA faoliyatini taqiqlashi “halokatli oqibatlarga” olib keladi.
“UNRWA BMTga a’zo davlatlar tomonidan tuzilgan. Isroil parlamentining UNRWAning millionlab falastinliklarning hayotini saqlab qolish va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha faoliyatini amalga oshirishini taqiqlash haqidagi hozirgi qarori halokatli oqibatlarga olib keladi. Bu qabul qilinishi mumkin emas", — deb yozdi JSST rahbari ijtimoiy tarmoqdagi X sahifasida.
Uning qayd etishicha, bu Isroilning majburiyatlari va mas’uliyatiga ziddir va UNRWAga qaram bo‘lganlarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid soladi.