TOShKENT, 28 okt — Sputnik. O‘zbekiston parlamentining qonunchilik palatasiga saylovlar fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishini ta’minlagan holda raqobat asosida o‘tkazildi. Bu haqda MDH bosh kotibi, Hamdo‘stlik mamlakatlari kuzatuvchilari missiyasi rahbari Sergey Lebedev brifingda ma’lum qildi.
MDH bosh kotibi saylovlar O‘zbekiston Konstitutsiyasi va Saylov kodeksi talablariga to‘liq mos holda o‘tganini, respublika fuqarolarining o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etishi ta’minlanganini ta’kidladi. Lebedev respublikada saylovlar davomida xalqaro kuzatuvchilarning ishlashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini ham qayd etdi.
MDH PA xalqaro kuzatuvchilar guruhi koordinatori, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi deputati Talaybek Masabirovning so‘zlariga ko‘ra, saylovlar raqobatli muhitida o‘tdi, O‘zbekiston fuqarolari turli siyosiy dasturlardan birini tanlashda real imkoniyatlarga ega bo‘lishdi.
"Saylovlar saylov jarayonining barcha ishtirokchilarining huquq va erkinliklariga rioya qilingan holda o‘tkazildi", — dedi Masabirov.
Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) bosh kotibi o‘rinbosari Nurlan Yermekbayev brifingda ma’lum qilishicha, saylovlar qonunchilikka muvofiq, qonunbuzarliklarsiz, demokratik bo‘lib o‘tdi.
“Shanxay hamkorlik tashkilotining kuzatuvchilar missiyasi O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasiga saylov erkin, demokratik va milliy qonunchilik talablariga javob beradigan tarzda o‘tdi, deb hisoblaydi. Mazkur saylovlarda ovoz berish natijalarini shubha ostiga qo‘yadigan qonunbuzarliklar aniqlanmadi”, — dedi Yermekbayev brifingda.
Eslatib o‘tamiz, 27-oktabr kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi bo‘lib o‘tdi. Unda 15 027 529 nafar saylovchi ovoz berdi. Xorijda ovoz berganlar soni 140 388 nafarga teng bo‘ldi.