TOShKENT, 27 okt — Sputnik. O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan parlament saylovlaridagi ovoz berish jarayonlarida MDH Parlamentlararo Assambleyasi xalqaro kuzatuvchilari ishtirok etmoqda, deya xabar berdi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
O‘zbekistonda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi bo‘yicha ovoz berish boshlandi. Saylov jarayonini MDH Parlamentlararo Assambleyasining xalqaro kuzatuvchilar guruhi kuzatib bormoqda.
MDH PA monitoring guruhi koordinatori, Qirg‘iziston Jogorku Keneshi Budjet, iqtisodiy va fiskal siyosat bo‘yicha qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Talaybek Masabirov va MDH PA Kengashi bosh kotibi Dmitriy Kobiskiy Toshkent shahridagi 25-umumta’lim maktabi binosida joylashgan 0577-saylov uchastkasida bo‘ldi.
Kuzatuvchilarning guvohlik berishicha, barcha zarur tartib-qoidalar to‘liq hajmda amalga oshirilgan, ovoz berish rejalashtirilganidek – soat 8:00da boshlangan. Guruh koordinatori va Bosh kotib komissiya a’zolari va milliy kuzatuvchilar bilan suhbatlashdi.
Ovoz berish monitoringida Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston deputatlari va senatorlari, shuningdek, MDH PA Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti ekspertlari ishtirok etmoqda. Ular Toshkent shahri va viloyatlardagi saylov uchastkalari hamda xorijiy saylov uchastkalarida faoliyat yuritmoqda.
Kuzatuvchilar tomonidan monitoring davomida olingan ma’lumotlar O‘zbekiston parlamenti saylovi yakunlari bo‘yicha xulosa tayyorlashda inobatga olinadi.