O‘zbekiston va YeOII

Sergey Lavrov O‘zbekistonda prezident, vazir, o‘qituvchi va talabalar bilan uchrashadi

Sergey Lavrov O‘zbekistonga tashrif buyuradi.
Sputnik
TOShKENT, 24 okt — Sputnik. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov 28-29 oktabr kunlari amaliy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi va prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilinadi, deb xabar berdi Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova brifingda.

“28-29 oktabr kunlari Tashqi ishlar vaziri amaliy tashrif bilan O‘zbekiston Respublikasida bo‘ladi. Sergey Lavrovni respublika prezidenti qabul qilishi, shuningdek, ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar olib borishi rejalashtirilgan”, — dedi Zaxarova.

Uning aniqlik kiritishicha, muzokaralar chog‘ida asosiy e’tibor ikki davlat o‘rtasidagi sheriklikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirishga qaratiladi.
Rossiya TIV rasmiy vakili respublikaning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi maqomi hisobga olingan holda Yevroosiyo integratsiyasi jarayonlarini diplomatik qo‘llab-quvvatlash alohida mavzu bo‘lishini aytdi.
Shuningdek, Rossiya TIV rahbarining O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o‘qituvchilari va talabalari bilan suhbati rejalashtirilgan.