TOShKENT, 23 okt — Sputnik. O‘zbekistonda xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 100 milliard dollardan oshishi kutilmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliylashtirish, davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yetti yilda mamlakatga 78 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiyalar kelgan. Davlat-xususiy sheriklik bo‘yicha qonun qabul qilinib, mingdan ziyod loyihalar boshlangan. 1 ming 800 turdagi yangi mahsulotni o‘zimizda ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan.
“Bugungi kunda barcha tarmoqlarda 140 milliard dollarlik 366 ta yirik loyiha amalga oshirilayapti. Investitsiya loyihalari doirasida yiliga 15 milliard dollarlik uskuna, xomashyo va qurilish materiallari olib kelinayapti. Shularning har birida mahalliy ulushni ko‘paytirish mumkinligi ta’kidlandi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, energetika tarmog‘ini 2030-yilgacha rivojlantirish dasturiga muvofiq, 36 milliard dollarlik 164 ta quvvat yaratiladi. Shundan 88 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etiladi.
Tog‘-kon sanoati bo‘yicha ham 1 milliard 230 million dollarlik dastur qabul qilingan. Sohadagi yirik kombinatlarga mahalliy korxonalar o‘zaro manfaatli bog‘langan.
Avtosanoatda ham ushbu yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Birgina qo‘shni davlatlarda avtomobil ehtiyot qismlariga yillik talab 1 milliard dollarni tashkil qiladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev provel soveshanie po voprosam lokalizatsii, razvitiya gosudarstvenno-chastnogo partnerstva, privlecheniya inostrannix investitsiy.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Yaqinda davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida 30 milliard dollarlik investitsiya loyihalari tasdiqlandi. Bunda har bir sohaning imkoniyatlari ochib berilgan. Jumladan, transport bo‘yicha 10 milliard dollar, ijtimoiy sohalarda 6 milliard dollar, kommunal tarmoqda 5 milliard dollarlik rejalar ko‘zda tutilgan.
Xorijiy investitsiyalar oqimi va kelgusi rejalar
Shu yilning to‘qqiz oyida 23 milliard 660 million dollar xorijiy sarmoya kirib kelgan. Shuningdek, 4 milliard 600 million dollarlik 120 ta yirik quvvat ishga tushgan.
“Yil yakunigacha bu sur’at davom etadi. Shu tariqa, 2017-2024 yillarda jalb etilgan xorijiy investitsiyalarning umumiy qiymati 100 milliard dollardan oshishi kutilmoqda”, — deya qayd etilgan xabarda
Yig‘ilishda mutasaddilar belgilangan vazifalarni bajarish rejalari yuzasidan axborot berdi.