TOShKENT, 23 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev amaliy tashrif bilan Qozon shahriga jo‘nab ketdi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Davlat rahbari BRIKS sammiti tadbirlarida ishtirok etadi va qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazadi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 23-24 oktabr kunlari BRIKS birlashmasi davlatlarining sammitida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Qozon shahrida bo‘ladi.
Davlat rahbari Rossiya tomoni raisligida o‘tkaziladigan "BRIKS plyus" formatidagi yalpi sessiyada nutq so‘zlaydi. Uchrashuv kun tartibidan inklyuziv va barqaror taraqqiyotni ta’minlash maqsadida xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari o‘rin olgan. Shuningdek, global siyosatning dolzarb jihatlari muhokama qilinadi.