TOShKENT, 22 okt — Sputnik. “Yashil makon” loyihasi doirasida galdagi vazifalar belgilab olindi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Opredeleni dalneyshie zadachi v ramkax proyekta "Yashil makon"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Qayd etilishicha, Nukus, Arnasoy, Qorako‘l va Muborak tumanlarida keyingi yil suvsizlik va sho‘rga chidamli galofit o‘simligidan iborat 4 ta bog‘ barpo qilinadi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Jizzax, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo, Xorazmning 250 ming gektar cho‘lida suv talab etmaydigan saksovul, qandim, cherkez urug‘lari dron bilan ekiladi.
Bahor mavsumidan o‘rmon xo‘jaliklaridan sog‘lom onalik plantatsiyasini tanlash orqali yiliga 1,5 ming tonna urug‘ tayyorlanadi. Janubiy Koreya tajribasi bo‘yicha suvsizlikka chidamli, iqlim sharoitiga mos yopiq ildizli konteyner va in-vitro usulida 2 million ko‘chat olish yo‘lga qo‘yiladi. Mahmud Mirzayev nomidagi institutning Samarqand, Xorazm, Toshkent va Farg‘ona vodiysidagi yerlarida yiliga 10 million dona mevali nihollar yetishtiriladi.
Ko‘chat ekish ishlari bo‘yicha quyidagilar amalga oshiriladi:
“Mahalla yettiligi” vakillari o‘ziga biriktirilgan ko‘chalarda 100 tupdan jami 6 million dona manzarali daraxt o‘stiradi;
boshqa ko‘chalar, bo‘sh maydonlar va ko‘p qavatli uylar atrofida 3 million tup ko‘chat ekiladi;
umuman, mahallalarda 20 million dona manzarali va mevali daraxt eksa bo‘ladi;
O‘rmon xo‘jaligi agentligiga barcha mahallalarda yarmarka tashkil qilib, 30 millionta ko‘chat yetkazib berish vazifasi qo‘yildi;
20 mingdan ziyod ta’lim maskanlari va shifoxonalar hududida 2,5 millionta, yoshlarga bo‘lib berilgan 60 ming gektar yerda 1,5 millionta daraxt ekish mumkin;
hokimliklar va vazirliklar tomonidan kuzda 40 million tup ko‘chat ekilishi rejalashtirilgan;
13 ta xalqaro avtomobil yo‘li bo‘yida 9 million tup ko‘chat ektiradi;
yana 2 ming kilometr yo‘llar yoqasi shu maqsadda 10 ming fuqaro va tadbirkorlarga bo‘lib beriladi;
Toshkent-Samarqand va Samarqand-Qarshi temir yo‘li bo‘ylarida ham ko‘chat o‘tqaziladi;
dala chetlarida 21 million tup terak, tut va uzum yetishtiriladi;
Mudofaa vazirligi 200 ming tup, ichki ishlar, milliy gvardiya va favqulodda vaziyatlar tizimlarining har biri 100 ming tupdan ko‘chat ekishga mas’ul bo‘ladi;
chiqindi poligonlari atrofida “yashil belbog‘” barpo etiladi.
Opredeleni dalneyshie zadachi v ramkax proyekta "Yashil makon"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Keyingi yilda “Yashil makon” loyihasi uchun 100 milliard so‘m ajratiladi. Endilikda daraxtlarni 3-yil parvarishlash, kasallikdan saqlash, sug‘orish xarajatlari ham investitsiya dasturiga kiritiladi”, — deyiladi xabarda.
Sug‘orish bo‘yicha ikki xil tajriba amalga oshiriladi:
27 ta tumanda bittadan quduq qazishga ruxsat beriladi;
bahorda 14 ta tumanning tog‘ va adir qiyaliklarida qavat-qavat qilib, 500 gektar daraxt ekiladi.
Viloyatlarda “Mening bog‘im” loyihasi bo‘yicha yashil hududlar va jamoat parklari barpo etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bu maydonlar ekish mavsumigacha “Ochiq budjet” portaliga qo‘yilib, daraxt turlari bo‘yicha tavsiya va ularning narxi ko‘rsatiladi. Bunda parvarishlashda mas’uliyatsizlik qilgan shaxslarni mobil ilova orqali ogohlantirish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Davlat rahbari aholi ko‘payib borayotgan hozirgi sharoitda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha eng katta zaxira yaylovlar ekanini ta’kidladi.
Shu bois 16 million gektar yaylov yerlarini boshqarish Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasiga o‘tkazilishi belgilandi. Qo‘mitaga cho‘llarni degradatsiyadan chiqarish bo‘yicha uch yillik dastur tayyorlash topshirildi. Kelgusi yilda bu maqsadlar uchun dastlab 50 million dollar grant mablag‘lari jalb qilinadi.
Quyidagilar ma’lum qilindi:
Buxoro va Navoiy viloyatlarining cho‘l va yarim cho‘l hududlarida yashil maydonlar ko‘paytiriladi;
“O‘zbekkosmos” agentligi bilan birgalikda cho‘llarda ekologik holatni monitoring qilish platformasi yaratiladi;
O‘rmon xo‘jaligi agentligining bu yo‘nalishdagi mas’uliyati oshiriladi; Endilikda u cho‘llanishga qarshi kurashish bilan ham shug‘ullanadi; hokimliklar qoshidagi “Yo‘l ko‘kalam” tashkilotlari agentlik tizimiga o‘tadi;
Agentlikka Fanlar akademiyasi bilan birgalikda 20 gektarda tajriba-sinov maydonchasi qilib, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklaydigan o‘simliklarni yetishtirish vazifasi qo‘yildi.
Opredeleni dalneyshie zadachi v ramkax proyekta "Yashil makon"
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Shuningdek, aholini jismoniy sog‘lomlashtirish, sport, yurish va to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha yangi-yangi yondashuvlarni joriy qilish muhimligi qayd etildi.
Ma’lumot uchun, mamlakatda har yili 200 million tup daraxt va buta ekib, yashillik miqyosini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish maqsadi belgilangan. So‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich 12 foizga yetdi.
Bu yil bahorda 138 million dona ko‘chat ekildi. Yil boshidan buyon 10 ming gektardan ziyod “yashil belbog‘”, vazirlik va hokimliklar 257 ta bog‘ barpo qildi. Orolbo‘yida yashil qoplama 2 million gektardan oshdi. Joriy yildan boshlab, yo‘l, daryo va kanallarga tutash 2 ming gektar yer 10 ming aholi va tadbirkorlarga ekish uchun ijaraga berildi. “Mening bog‘im” loyihasi doirasida budjetdan 49 milliard so‘m ajratilib, mahallalarda 215 ta yangi bog‘ yaratilayapti.