TOShKENT, 21 okt — Sputnik. O‘zbekistonda yiliga 14 million tonna chiqindilar hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalar taqdimotida ma’lum qilindi.
Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Yurtimizda yiliga 14 million tonna chiqindilar hosil bo‘ladi. Lekin ularning atigi 4-5 foizi qayta ishlanadi. Chiqindi poligonlaridan 7 million tonnadan ziyod issiqxona gazlari atmosferaga chiqadi, 43 ming tonna zaharli filtratlar yer ostiga singadi”, — deyiladi xabarda.
Aytilishicha, qariyb 1 milliard 300 million dollarlik investitsiyalarni jalb etgan holda, 8 ta chiqindi yoqish zavodi qurish hamda Ohangaron poligonida chiqindi gazini qayta ishlash rejalashtirilgan.
Loyihalar:
Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasining 350 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyasi hisobidan Andijon va Toshkent viloyatlarida 2 ta zavod barpo etiladi. Ularda kuniga 4 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 630 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Xitoyning “Shanghai SUS Environment” kompaniyasi 310 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritib, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida 2 ta zavod qurishni rejalashtirgan. Ularda kuniga 3 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, yiliga 480 million kilovatt soat elektr energiyasi olinadi.
BAAning “Tadweer Group” kompaniyasi 200 million dollar mablag‘i evaziga Buxoro va Navoiy viloyatlari uchun bitta zavod quriladi. Und kuniga 1 ming 500 tonna chiqindini qayta ishlash va yiliga 363 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati yaratiladi.
Koreya Respublikasining “Sejin” kompaniyasi tomonidan 55 million dollar evaziga Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi maishiy chiqindi poligonida hosil bo‘ladigan gazdan muqobil elektr energiyasi olish yo‘lga qo‘yiladi. Uning quvvati 16 megavatt bo‘lishi ko‘zda tutilgan.
Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Loyihalar natijasida quyidagilar amalga oshiriladi:
yiliga 4,7 million tonnadan ortiq chiqindi yoqilib, 2 milliard 100 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi;
97 million dollar qiymatidagi elektr energiyasi sotiladi;
bular orqali 152 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi hamda 2,4 million tonna issiqxona gazlari kamayadi;
1 ming 200 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Loyihalar 2025-2027 yillarda Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash, ulardan elektr energiyasi va mahsulot ishlab chiqarish loyihalari bilan tanishdi.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
“Bular shunchaki zavod emas, hayot-mamotimizni hal qiladigan masalalardan biri. Yer-suvlarimizning yaroqliligi ham, aholi salomatligi ham, havo tozaligiyu energetika barqarorligi ham shu sohaga bog‘liq. Chiqindilar to‘g‘ri to‘planib, ko‘proq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat toza bo‘ladi, jamiyat o‘zgaradi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga bu loyihalarni namunaviy qilib, hududlarda ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Barcha hududlarda bunday loyihalarni ko‘paytirish va mutanosib rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.