Quyosh va shamol elektr stansiyalari qancha elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda — vazirlik javobi

Mamlakatning 7 ta viloyatida 9 ta quyosh fotoyelektr stansiyasi hamda 1 ta shamol elektr stansiyasi "yashil" energiya ishlab chiqarmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 20 okt — Sputnik. O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 4 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi, deya xabar berdi Energetika vazirligi.

“Bugun soat 12:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistondagi quyosh va shamol elektr stansiyalari tomonidan 2024-yil boshidan beri ishlab chiqarilgan elektr energiyasi miqdori 4 mlrd kVt⋅soatni tashkil qildi”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Qayd etilishicha, mamlakatning 7 ta viloyatida umumiy quvvati 2,7 GVt bo‘lgan 9 ta quyosh fotoyelektr stansiyasi hamda 1 ta shamol elektr stansiyasi "yashil" energiya ishlab chiqarmoqda.

“Shu paytgacha quyosh elektr stansiyalari tomonidan 3 mlrd 493,6 mln kVt⋅soat, shamol elektr stansiyasi tomonidan esa 506,4 mln kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi”, — deya qo‘shimcha qilingan xabarda.

Buning natijasida:
1,2 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishildi;
atmosferaga 1 mln 680 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olindi.
Ma’lumot uchun, mazkur hajmdagi elektr energiyasi 2 million xonadonning 10 oylik yoki 1 mln 666 mingta xonadonning bir yillik ijtimoiy normasini tashkil qiladi.
AESning qurilishi O‘zbekistonda yangi turdagi iqtisodiyotni rivojlantirishga yordam beradi